Bugun 12 oktyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Qozog‘iston fuqarolari Ukrainadagi urushga aldov yo‘li bilan jalb qilinmoqda

Qozog‘iston fuqarolari Ukrainadagi urushga aldov yo‘li bilan jalb qilinmoqda

Rossiya armiyasi safiga qo‘shilib qolgan Qozog‘iston fuqarolarining qarindoshlari yaqinlarini uyga qaytarishda hukumatdan yordam so‘ramoqda. Bu haqda «Ozodlik» radiosi xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, qozog‘istonliklarni Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga aldash orqali majburlash bilan bog‘liq bir nechta holat qayd etilgan.

Bu voqealarning ssenariysi bir-biriga juda o‘xshash. Moddiy ahvoli og‘ir bo‘lgan qozog‘istonliklar Rossiyaga qo‘riqchi bo‘lib ishlash umidida yo‘l oladi. Ularga maktablar va bolalar bog‘chalarini qo‘riqlash ishi taklif qilinib, Qozog‘istondagi daromadlaridan ancha yuqori maosh va’da qilinadi.

Biroq Rossiyaga yetib borgach, ularga imzolash uchun katta hajmdagi hujjatlar taqdim etiladi. Ularning ko‘pchiligi rus tilini yaxshi bilmagani sababli hujjatlarni o‘qimasdan imzolaydi. Hujjatlar orasida esa Rossiya Mudofaa vazirligi bilan tuzilgan harbiy xizmat shartnomasi ham bo‘ladi. Imzo qo‘yishdan bosh tortganlarga 15 yilgacha qamoq jazosi bilan tahdid qilinadi.

Ularning qarindoshlari aldov orqali harbiy xizmatga jalb qilingan yoshlar yaqin orada frontga yuborilishidan qattiq xavotirda.

Ushbu muammo yaqinda Qozog‘iston hukumati e’tiborini ham tortdi. Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Janbolat Usenov bu holatga izoh berdi.

«Ommaviy axborot vositalarida Qozog‘iston Respublikasi fuqarolarining Vatanga qaytishiga ko‘maklashish haqidagi murojaatlari tarqalmoqda. Tashqi ishlar vazirligi ushbu vaziyatga o‘ta jiddiy munosabatda bo‘lmoqda. Xorijdagi Qozog‘iston fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vazirlik faoliyatining mutlaq ustuvor yo‘nalishidir», — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, Qozog‘iston hukumati fuqarolarni qurolli mojaro hududlaridan qaytarish bo‘yicha amaliy tajribaga ega.

Kiritildi: 16:45 11.10.2026. O'qildi: 520 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!