Qozog‘iston 2027 yil 1 iyuldan boshlab mamlakatga kiruvchi ayrim xorijiy fuqarolar uchun majburiy elektron ruxsatnoma tizimini joriy etadi. Yangi talab vizasiz sayohat qilish huquqiga ega bo‘lgan bir qator davlatlar fuqarolariga ham taalluqli bo‘ladi.
Qozog‘iston hukumati tasdiqlagan qoidalarga ko‘ra, tizim Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari — Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston, shuningdek, Qozog‘iston bilan vizasiz sayohat bo‘yicha kelishuvlarga ega mamlakatlar fuqarolarini qamrab oladi. Ular orasida AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Isroil, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Eron va Turkiya bor.
Tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi:
2026 yil 1 noyabrdan — Aqtau xalqaro aeroporti va bir qator avtomobil chegara nazorat punktlarida;
2027 yil 1 yanvardan — Ostona va Olmaota xalqaro aeroportlarida;
2027 yil 1 martdan — davlat chegarasini kesib o‘tishning boshqa barcha punktlarida yangi tartib haqida ma’lumot beriladi;
2027 yil 1 iyuldan — elektron ruxsatnoma majburiy bo‘ladi.
Dastlabki bosqichlarda ruxsatnomaning yo‘qligi mamlakatga kirishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi. Biroq 2027 yil 1 iyuldan keyin talabga tushadigan xorijliklar uchun ruxsatnomaning mavjud emasligi chegaradan o‘tkazmaslikka sabab bo‘lishi mumkin.
Ruxsatnoma qanday olinadi?
Ariza Qozog‘istonning raqamli platformasi orqali rejalashtirilgan kirish sanasidan kamida 72 soat oldin topshirilishi kerak. Ruxsatnomalar bepul beriladi va 180 kalendar kun davomida amal qiladi. Mamlakatda qolishning ruxsat etilgan muddati esa fuqarolik va amaldagi migrasiya qoidalariga bog‘liq bo‘ladi.
Chegara nazoratida ruxsatnoma olish uchun foydalanilgan pasport yoki boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etiladi. Ruxsatnoma mavjudligi «Berkut» raqamli tizimi orqali tekshiriladi.
Kimlar ruxsatnomadan ozod qilinadi?
Qoidalarda istisnolar ham nazarda tutilgan. Jumladan, tegishli hujjatlarga ega bo‘lgan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va 65 yoshdan katta shaxslar, amaldagi Qozog‘iston vizasi yoki yashash ruxsatnomasi bor xorijliklar, xalqaro aeroportning tranzit hududidan chiqmaydigan yo‘lovchilar, qochqinlar va boshpana izlovchilar ayrim hollarda ruxsatnoma olishdan ozod etiladi. Rasmiy delegasiyalar, xalqaro tashkilotlar vakillari, transport ekipajlari hamda gumanitar missiyalar ishtirokchilari uchun ham istisnolar belgilangan.
Hujjatda jami 29 ta istisno toifasi ko‘rsatilgan.
Qaror 2026 yil 24 oktyabrdan kuchga kirishi belgilangan. Elektron ruxsatnomani olish tartibi va istisnolarning aniq shartlarini safardan oldin rasmiy manbalar orqali tekshirish tavsiya etiladi.