Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati xodimlari 3 bosh Buxoro bug‘usi ovladi.
Holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani IIB tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish davomida bitta erkak va ikkita urg‘ochi bug‘ular ov miltig‘i bilan o‘ldirilganligi ma’lum bo‘ldi. Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganida rezervatning zaxira yerlaridan 2 ta ov miltig‘i o‘q dorisining plastik bo‘laklari, qonga o‘xshash qizil dog‘lar va ov miltig‘i topildi. Ov miltig‘i ashyoviy dalil sifatida olindi, deya xabar beradi vazirlik axborot xizmati.
O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bug‘ulari o‘ldirilishi natijasida hayvonot dunyosiga jami 3 mlrd 375 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan fuqaro M.K. Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olindi. Hozirda Beruniy tumani IIB tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovoldi tekishiruv ishlari olib borilmoqda.