Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Qizlik pardasini tikish mumkinmi?

Qizlik pardasini tikish mumkinmi?

Savol:

– Dugonam yomon yo‘llarda yurib, qizligini yo‘qotdi. Lekin qilgan ishlariga pushaymon bo‘lib, chinakam tavba qildi. Endi u o‘zi va oilasining sha’nini saqlab qolish uchun bokiralik pardasini tiklasa bo‘ladimi?

Javob:

– Zino yoki boshqa fahsh ishlar sababli qizligini yo‘qotgan qiz pardasini tiktirishi joiz emas. Bu aldov va firibgarlik, avratlarni ochish, yomonlik va fasod eshiklarini ochishdir. Bunday qilish qizlarning zinodan hayiqmasligiga sabab bo‘ladi. Sha’nni himoya qilish birovning hisobidan bo‘lmasligi kerak. Zero, fuqaholar aytganidek, bir zarar boshqa bir zarar bilan ketkazilmaydi. Bu to‘g‘rida rostlik vojibdir. Dunyodagi malomat qiyomat kunidagi guvohlar oldidagi sharmandagarchilikdan yengilroqdir.

Insonning adashish va zalolatdan to‘xtashi, Alloh taolo tomon qaytishi va rost tavba qilishi maqtovga loyiq, yaxshi hol. Lekin masalaga joiz emas deb javob qilinishining sabablari bor. Jumladan;

1) Bokiralik pardasini tiklash ba’zida nasablar aralashib ketishiga olib boradi. Chunki ayol tiklashdan oldingi jimo’dan homilador bo‘lib qolgan bo‘lishi, shundan so‘ng turmushga chiqib tug‘ishi mumkin. Tabiiyki, eri bu bolani o‘z farzandi deb o‘ylab, halol haromga aralashib ketadi.

2) Bokiralikni tiklash jarayonida avrat, sir ochilishi kabi munkar ishlarga yo‘l qo‘yiladi.

3) Bokiralikni tiklash irodasiz va axloqi buzuqroq qizlarga zino gunohini qilishdan tap tortmasligiga bois bo‘ladi.

4) Manfaat va fasod bir bo‘lib qolganda, manfaatni hosil qilish va fasodni to‘sishning teng iloji bo‘lsa, shunday qilinadi. Ammo manfaatni hosil qilishda fasodni to‘sish imkonsiz bo‘lsa va fasod manfaatdan ko‘ra katta bo‘lsa, fasod to‘siladi, manfaat qo‘ldan chiqayotganiga qaralmaydi. Islom fuqaholari shunday qaror qilishgan. Shu qoidaga tatbiqan bokiralikni tiklash va u sabab bo‘ladigan fasodlar ko‘pligi bois, uning nojoiz ekaniga hukm qildik.

5) Islom shariati qoidalariga ko‘ra, bir zarar boshqa bir zarar bilan ketkazilmaydi. Masalan, yeriga kelayotgan seldan qutulish uchun uni birovning yeriga burib yuborilmaydi. Xuddi shunga o‘xshab qiz va uning ahlining sha’nini himoya qilaman deb, uni oladigan erining sha’ni yerga urilmaydi.

6) Bokiralikni tiklashning asli o‘zi noshar’iy ishdir. Chunki bu ishda aldov va firib bor. Bunday ishlar esa shar’an haromdir.

7) Bokiralikni tiklash uning ketish haqiqatini yashirishgani uchun qiz va uning ahliga yolg‘on eshiklarini ochadi. Yolg‘on ham shar’an haromdir.

8) Bokiralikni tiklash amaliyoti qiz sha’nini saqlab qolish iddaosi bilan tibbiyot xodimlariga abort va bola tushirish amaliyotlarini oqlashlariga bois bo‘ladi.

Bosqinchilik yoki zo‘rlash tufayli bokiraligi ketgan qizlarning holini yashirish va sha’nini o‘ylash esa shar’an matlub. Chunki bunda muhaqqaq manfaatlar bor va uni e’tiborga olinadi. Ammo bokiralikni tiklashda manfaatdan ko‘ra zarar va fasodlar ko‘pligini yuqorida ko‘rib chiqdik.

Vallohu a’lam.

Mubashshir AHMAD

Manba: azon.uz

Kiritildi: 21:45 22.07.2019. O'qildi: 79919 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!