Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat va munisipal xizmatchilarining faoliyatiga oid farmonga o‘zgartirishlar kiritdi.
Yangi tartibga ko‘ra, siyosiy va maxsus lavozimlardagi davlat xizmatchilari o‘z kasbiy sohasiga mos ravishda ta’lim, ekspertlik, ilmiy va boshqa ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanib, qo‘shimcha daromad olishi mumkin.
Buning uchun xizmatchini lavozimga tayinlagan shaxsning roziligi talab etiladi. Qo‘shimcha faoliyat asosiy xizmat vazifalarining bajarilishiga xalaqit bermasligi va manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarmasligi kerak.
Shuningdek, xizmatchilarga sog‘liqni saqlash, ta’lim, xayriya va volontyorlik sohalaridagi jamoat birlashmalari faoliyatida ishtirok etish huquqi berildi.
Farmonda mehnat ta’tiliga oid qoida ham o‘zgartirildi. Endi davlat xizmatchisini uning roziligisiz ta’tildan muddatidan oldin chaqirib olish mumkin emas. Rozilik telefon yoki raqamli aloqa vositalari orqali ham olinishi mumkin.
Bundan tashqari, xizmatchilarning qarorlar qabul qilish, ularni tayyorlash va ko‘rib chiqishda ishtirok etish huquqlari ham belgilab qo‘yildi.