Prezident Sadir Japarovning topshirig‘iga binoan Qirg‘iziston Suriya xalqiga 150 tonnadan ortiq insonparvarlik yordamini yubordi. Yordam — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda, shuningdek Turkiyaning vakolatli organlari ko‘magida yetkazilgan.
Foto: Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi
Maxsus aksiya doirasida Suriyaga asosiy oziq-ovqat mahsulotlari — un, guruch, shakar, o‘simlik yog‘i va boshqalar topshirildi.
«Mazkur gumanitar tashabbus Qirg‘iziston prezidenti va xalqining tinchlikni mustahkamlash, xavfsizlikni ta’minlash hamda yordamga muhtoj mamlakatlarga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish yo‘lidagi sadoqatini tasdiqladi», deyiladi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarqatgan xabarda.
Suriya hukumati vakillari esa prezident Ahmad ash-Shar’a va butun xalq nomidan Qirg‘iziston xalqiga minnatdorchilik bildirgan:
«Sizning yordamingiz ayni paytda ayniqsa muhim, Suriya xalqi Qirg‘iziston tashabbusini birodarlik ramzi sifatida qabul qiladi».
Foto: Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv chog‘ida tomonlar mavjud muammoli masalalarni, mintaqaviy kun tartibini hamda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qilgan.