Bugun 27 iyul, 2026 yil, dushanba

КИР

"Qayta ishga olamiz": Samarqandda fuqaroni aldab ishdan bo‘shatishgani ma’lum bo‘ldi

"Qayta ishga olamiz": Samarqandda fuqaroni aldab ishdan bo‘shatishgani ma’lum bo‘ldi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Namangan viloyatining Chortoq tumanida yashovchi fuqaro A.H. mehnat huquqlari buzilayotgani bo‘yicha murojaat qildi. U ishlab kelgan korxona tomonidan 30 mln so‘mdan ortiq 1 yillik ish haqi to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib, ushbu masalada amaliy yordam so‘ragan. Mazkur murojaat Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi.

Ushbu holatda ham Ombudsman tomonidan fuqaro A.H. manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudiga xodimga to‘lanmagan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni undirish to‘g‘risida ariza kiritildi.

Sud tomonidan Ombudsmanning arizasi qanoatlantirildi. Hozirda fuqaro A.H.ga ish haqi to‘liq undirib berilgan.

Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro D.I. esa ko‘p yillar davomida oilaviy poliklinikada laborant vazifasida ishlab kelganligi, biroq shtatlar qisqartirilishi vaji bilan undan qayta ishga qabul qilish va’dasi bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozdirib olinganligi, lekin, ish bilan ta’minlanmasdan ishsiz qolganligi bo‘yicha murojaat qilgan edi.

Murojaat Ombudsmanning Samarqanddagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganilib, fuqaro D.I. manfaatida u ishlab kelgan oilaviy poliklinikaga Ombudsmanning xati kiritilgan.

Natijada murojaatchiga ushbu oilaviy poliklinika tomonidan ma’qul keladigan ish taklif qilinib, ishga qayta tiklandi.

Qayd etish lozimki, mehnat qonunchiligiga ko‘ra, ish beruvchi xodimni mehnat shartnomasida belgilangan ish bilan ta’minlashi, ish haqini o‘z vaqtida va to‘liq to‘lashi, xavfsiz mehnat sharoitini yaratishi hamda xodimning mehnatda mayib bo‘lishi yoki kasb kasalligi tufayli sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonni qoplashi shart.

Kiritildi: 15:39 08.07.2026. O'qildi: 1551 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!