Bugun 11 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Qatar AQShning Eronga ehtimoliy zarbalarini ikki haftaga kechiktirishga erishdi

Qatar AQShning Eronga ehtimoliy zarbalarini ikki haftaga kechiktirishga erishdi

Qatar AQShning Eronga qarshi harbiy zarbalarni qayta boshlashi ehtimolini kamida ikki haftaga kechiktirishga erishdi. Bu tomonlarga kelishmovchiliklarni diplomatik yo‘l bilan hal qilish uchun qo‘shimcha vaqt berish maqsadida amalga oshirildi.

Bu haqda Qatar Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy Parijda bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik» (G7) davlatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ma’lum qilgan.

Nashrning diplomatik manbalariga ko‘ra, Qatar hukumati rahbari vositachilik harakatlari davom etayotganiga qaramay, Vashington va Tehron o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar saqlanib qolayotganini bildirgan.

Jumladan, tomonlar ehtimoliy kelishuvlarni amalga oshirish ketma-ketligi bo‘yicha hozircha bir to‘xtamga kelmagan. Bu masalalar qatoriga dengiz blokadasini bekor qilish, Eronning yadroviy dasturi bilan bog‘liq muammolarni hal etish hamda Eron aktivlarini muzdan tushirish kiradi.

Shu bilan birga, Qatar Tashqi ishlar vazirligining ommaviy axborot vositalari va kommunikasiyalar departamenti direktori Ibrohim Sulton al-Hoshimiy 10 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda siljish borligini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarida harbiy harakatlar qayta boshlanishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalayotganiga qaramay, Doha Vashington va Tehronning diplomatik yo‘l bilan kelishuvga erishishga sodiqligini tasdiqlovchi ijobiy bayonotlarini qayd etmoqda.

Al-Hoshimiy vositachilar tomonlarning pozisiyalarini yaqinlashtirish bo‘yicha faol sa’y-harakatlarni davom ettirayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, u Qatar Bosh vazirining 10 noyabr kuni Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi ijobiy ruhda o‘tgani va muzokaralar jarayonini ilgari surish masalalariga bag‘ishlanganini ma’lum qildi.

Kiritildi: Bugun 13:30. O'qildi: 355 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik