Kecha, 23 yanvar kuni soat 18:00 da Qashqadaryo viloyati FVBga Dehqonobod tumanining «Mustaqillik» MFY hududidan o‘tgan avtomobil yo‘lida kuchli shamol natijasida qor bo‘roni kuzatilgani haqida murojaat kelib tushgan.
Xabarda aytilishicha, ob-havoning keskin yomonlashishi sabab yo‘lning ayrim qismlarida bir nechta avtomobillarning harakati cheklangan va fuqarolar yo‘lda qolib ketgan. Ularga tezkor amaliy yordam zarur bo‘lgan.
Murojaat asosida Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari maxsus yo‘l tanlamas avtomobilda ko‘rsatilgan manzilga yo‘l olgan. Qutqaruv ishlari davomida qiyin ahvolga tushib qolgan 10 nafar fuqaro xavfsiz hududga evakuasiya qilingan.
FVV fuqarolarni qishki mavsumda ob-havo sharoiti keskin o‘zgarishi mumkinligini inobatga olib, yo‘lga chiqishdan oldin havo ma’lumotlarini kuzatib borish, zarur hollarda yo‘lga chiqmaslik hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor xizmatlarga murojaat qilishga chaqirmoqda.