Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahri bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro Z.Q. 2 ta yelim paketga solingan sariq va qizil rangli 29 dona kapsula hamda 60 dona “Gabaten” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini fuqaroga 500 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Ulug‘nor tuman bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.A. fuqaro M.X.ga xorijda ishlab chiqarilgan 4 dona “Regapen” hamda 1 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 670 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, undan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.