Bu haqida Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ikki nafar bemorda buyrak transplantasiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.
Bir necha yildan buyon surunkali buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekib, gemodializ seanslarini olib kelgan 26 yoshli kosonlik bemor S.D.ga otasining, xuddi shunday kasallik bilan murojaat qilgan chiroqchilik 55 yoshli F.SH.ga o‘g‘lining buyragi ko‘chirib o‘tkazildi. Ayni paytda bemorlarning va donorlarning ahvoli yaxshi.
– Bundan to‘rt-besh yil ilgari faqat xorijda bajarib kelingan inson a’zolari transplantasiyasi o‘zimizda Qarshida qilinadi, desa odamlarga ertakdek tuyular edi, – deydi markaz bosh shifokori Jamshid Diyorov. – O‘tgan yili markazimizda poytaxtimizdan kelgan mutaxassislar va mahalliy shifokorlar ishtirokida bemor erkakka turmush o‘rtog‘ining bir buyragi muvaffaqiyatli tarzda ko‘chirib o‘tkazilgan edi. Mana, bugun bu yerda yana 2 nafar bemorda buyrak transplantasiyasi amalga oshirildi. Bir tasavvur qiling, bu kabi noyob operasiyalar umidsiz bo‘lib qolgan bemorlarga qancha najot beradi, oilalarga qanchalik quvonch olib kiradi. Eng muhimi, bu murakkab operasiyalarni akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy markazi bilan bir qatorda bizning markazimizning Hindistonda malaka oshirib kelgan mohir jarrohlari bajarmoqda. Kelgusida bu kabi operasiyalar sonini ko‘paytirish, ularni tumanlarda ham amalga oshirish, viloyatda jigar ko‘chirib o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish, transplantasiya bo‘yicha malakalarini oshirish uchun markazimiz mutaxassislarini Belarus Respublikasiga yuborish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish zarurki, markazda birgina 2023 yilning 6 oyi davomida jami 110 nafar bemorda murakkab, yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari bajarildi.