Rossiya yadroviy qanotli raketalarning yangi avlodi ustida ishlamoqda - ehtimol ular gipertovushli bo‘ladi.
Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin "Burevestnik" va "Poseydon" raketalarini ishlab chiquvchilarni taqdirlash marosimida ma’lum qildi.
Davlat rahbari "Burevestnik"ning kuchli, o‘ta kichik yadroviy reaktorlariga e’tibor qaratdi. Ishga tushirish bir necha soniya davom etadi, an’anaviy reaktorlar esa bir necha soat yoki hatto kunlarni talab qiladi.
"Bunday elektr stansiyalari negizida allaqachon yangi avlod qurollari yaratilmoqda. Bundan tashqari, yadro quvvatiga ega qanotli raketalarning keyingi avlodini yaratish boshlandi. Ularning tezligi tovush tezligidan uch baravar ko‘proq bo‘ladi, kelajakda esa gipertovushli bo‘ladi", - dedi Rossiya rahbari.
Putin, shuningdek, yadro dvigatellari, jumladan, ekstremal sharoitlarda foydali qazilmalarni qazib olish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan, elektron komponentlari esa superkompyuterlar yaratishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan "Burevestnik" va "Poseydon" raketalarining afzalliklarini ham qayd etdi.
"Yaratilgan yadroviy inshootlarning kichik o‘lchamlari, og‘irligi va hajmi, shuningdek, ularning xavfsizligi va ishonchliligi ulardan borish qiyin bo‘lgan hududlarda, shu jumladan Arktika shelfida foydali qazilmalar qazib olish uchun energiya manbalarini yaratishda moslashuvchan foydalanish imkonini beradi. "Burevestnik" va "Poseydon"ning komponentlari va elektronikasiga kelsak, ular kuchli kompyuterlarni yaratishda, raqamli boshqaruv tizimlarini va aloqa tizimlarini rivojlantirishda qo‘llaniladi" - dedi Putin.