Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampni 4 iyul — AQSh Mustaqillik kunining 250 yilligi munosabati bilan tabrikladi. Tabrik matni Kreml rasmiy saytida e’lon qilindi.
“Hurmatli janob prezident, aziz Donald, Sizni Amerika Qo‘shma Shtatlari mustaqilligining 250 yilligi bilan chin dildan tabriklayman”, deyiladi Putinning tabrigida.
Shuningdek, Putin AQSh davlatining Mustaqillik deklarasiyasi imzolanishi orqali vujudga kelishini “jahon tarixidagi muhim voqea” deb atadi.
“O‘sha paytda Rossiya Shimoliy Amerikadagi mustamlakachilarni Buyuk Britaniya hukmronligidan ozod bo‘lish yo‘lidagi kurashida so‘zsiz qo‘llab-quvvatlagan”, dedi Rossiya prezidenti.
Putinning ta’kidlashicha, ikki yarim asr davomida Rossiya va AQSh munosabatlarida ko‘plab “shonli sahifalar” bo‘lgan. U ikki davlatning jahon urushlaridagi ittifoqchiligini, insoniyatni “nasizm dahshatlari”dan birgalikda xalos etganini, shuningdek zamonaviy xalqaro tartibot asoslarini shakllantirishdagi o‘rnini eslatdi.
Rossiya prezidenti bugungi kunda Rossiya va AQSh “dunyoning eng yirik yadroviy davlatlari” sifatida global xavfsizlik va barqarorlik uchun alohida mas’uliyatga ega ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, u Donald Tramp va uning oila a’zolariga mustahkam sog‘liq, farovonlik va muvaffaqiyatlar, AQSh fuqarolariga esa baxt va ravnaq tiladi.
4 iyul AQShda Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi. Bu mamlakatning asosiy milliy bayrami bo‘lib, 1776 yilda Mustaqillik deklarasiyasi qabul qilingan kun sharafiga o‘tkaziladi.
Putin va Tramp o‘rtasidagi so‘nggi telefon suhbati 2026 yil 14 iyun kuni bo‘lib o‘tgandi