Bugun 12 oktyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

«Putin sizlarni urushga tortadi»: Ukrainaning sobiq tashqi ishlar vaziri ogohlantirdi

«Putin sizlarni urushga tortadi»: Ukrainaning sobiq tashqi ishlar vaziri ogohlantirdi

Ukrainaning sobiq tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba mamlakat uchun kelayotgan qish keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri eng og‘ir davr bo‘lishi mumkinligini aytdi. U BILD nashri jurnalisti Paul Ronsxaymerga bergan intervyusida Rossiya frontda hal qiluvchi natijaga erisha olmagani sababli havo hujumlarini kuchaytirganini ta’kidladi.

«Ular nafaqat Ukrainada elektr chiroqlari o‘chishini istamoqda. Ular butun mamlakatni falaj qilmoqchi. Menimcha, biz bu qishdan omon chiqamiz. Ammo buning narxi o‘tgan yilgiga qaraganda ancha yuqori bo‘ladi», — dedi Kuleba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hujumlari nafaqat energetika ob’ektlariga, balki oziq-ovqat va dori-darmon saqlanadigan omborlarga ham qaratilmoqda.

Kuleba hozir Vladimir Putin bilan tinchlik kelishuviga erishishga umid bog‘lash kerak emas, deb hisoblaydi.

«Buni tan olish men uchun qanchalik og‘ir bo‘lmasin, barchamiz voqelikka xolis nazar tashlashimiz va Putin urushni hal qilishni ham, unda tanaffus qilishni ham istamayotganini qabul qilishimiz kerak. U bunday istakni qachon paydo qilishi ham noma’lum — menimcha, bunday payt umuman kelmaydi», — dedi Ukrainaning sobiq tashqi ishlar vaziri.

Uning fikricha, Rossiyada Yevropaga qarshi ritorikaning kuchayishi jamiyatni Yevropa bilan yanada keng ko‘lamli mojaroga tayyorlashga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

«Albatta, siz meni ruhiy jarohat olgan va biryoqlama fikrlaydigan ukrainalik deb hisoblashingiz mumkin. Go‘yoki men nemislarni Rossiya bilan urushimizga tortishni istarmishman. Ammo yo‘q, bizning sizlarni bu urushga tortishimizga umuman hojat yo‘q. Putinning o‘zi sizlarni urushga tortadi», — deya xulosa qildi Kuleba.

Kulebaning ogohlantirishi Rossiyaning Ukraina energetikasi va transport infratuzilmasiga yangi hujumlari fonida yangradi. Oktyabr oyi boshidagi zarbalar elektr energiyasi va suv ta’minotida keng ko‘lamli uzilishlarga, jumladan, Kiyevda ham ta’minot muammolari yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan edi.

Kiritildi: 16:00 11.10.2026. O'qildi: 1069 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!