Ukraina prezidentining aytishicha, Rossiya Yevropada NATO'ning harbiy ishtirokini zaiflashtirishni istaydi. Xavf ostidagi davlatlar qatorida Finlyandiya, Shvesiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlari bor.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomoni urush tugaganidan keyin yangi xavfsizlik tuzilmasini yaratish masalasini ko‘targan. Bu global xavfsizlik tizimidagi, xususan, Yevropadagi ehtimoliy o‘zgarishlarga taalluqli.
Ukraina prezidenti bunday muhokamalarni xavfli deb hisoblashini bildirdi. Chunki Rossiya qit’adagi amaldagi xavfsizlik tizimini qayta ko‘rib chiqishdan manfaatdor. Uning fikricha, amerikaliklar aynan shu sababli ushbu masalani muhokama qilishga rossiyaliklarni jalb qilgan.
"Putin Yevropadagi chegaralarni o‘zgartirishni istayotgani — fakt. Ishonchim komilki, bu uning Yevropadagi xavfsizlik kafolatlarini qayta ko‘rib chiqish borasidagi qarashlarining bir qismidir", — dedi Ukraina yetakchisi.
Zelenskiyning taxminicha, yangi Yevropa xavfsizlik tizimi muhokamasi chog‘ida Putin Finlyandiya va Shvesiya masalasini ko‘tarishi mumkin. Bundan tashqari, Ukraina prezidentiga ko‘ra, Rossiya rahbari Vengriya va Boltiqbo‘yi davlatlarida AQSh qo‘shinlarining joylashuvi mavzusini ham muhokama qilishi ehtimoldan xoli emas.
Shu bilan birga, Zelenskiyning fikricha, bunday muzokaralar faqat Ukrainaga qarshi urush tugaganidan keyingina o‘tkazilishi lozim. Prezident harbiy harakatlar to‘xtatilmasdan va Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berilmasdan turib, yangi xavfsizlik tizimi masalalarini muhokama qilishning salbiy oqibatlaridan ogohlantirdi.
10–11 noyabr kunlari Abu-Dabida Ukraina, AQSh va Rossiya o‘rtasida o‘tgan muzokaralarda yangi Yevropa xavfsizlik tizimi masalasi yana asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Moskva NATO'ning 1997 yilgi chegaralariga qaytishini yana bir bor talab qilmoqda. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, bu haqda Rossiya tomoni muzokaralarda taqdim etgan urushdan keyingi Yevropa tartibi shartlari bayon etilgan hujjatda aytilgan.