2026 yil 10 iyun kuni Turkiy Madaniyat va Meros Jamg‘armasi bosh qarorgohida tashkilotning “Turkiy dunyo diplomatiyasi durdonalari” kitoblar turkumi doirasida nashr etilgan yangi asar — taniqli jamoat, davlat va siyosat arbobi, Turkiy Davlatlar Tashkiloti Oqsoqollar Kengashi a’zosi, tarix fanlari doktori, professor Hasan Hasanovning “Vengerlar va ozarbayjonlarning umumiy etnik ildizlari” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan Jamg‘arma prezidenti Aktoti Raimqulova mehmonlarni qutlar ekan, Jamg‘arma turkiy xalqlarning boy madaniy merosini a’zo davlatlar va xalqaro maydonda keng targ‘ib etib kelayotganini ta’kidladi. U o‘z nutqida tashkilotning kuzatuvchi davlati bo‘lgan Vengriya bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarga alohida to‘xtaldi. Xususan, Jamg‘arma ko‘magida Varshava Universitetida Turkiy madaniyat va meros markazining ochilishi hamda Jamg‘arma bilan Yagellon Universiteti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolanishi turkiy madaniy merosni xalqaro akademik hamjamiyatda targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlar ekanini qayd etdi.
Professor Aktoti Raimqulova so‘zining davomida kitob muallifi professor Hasan Hasanovning yuksak ilmiy salohiyati va yutuqlarini alohida e’tirof etib, ushbu fundamental asarning nashr etilishi Jamg‘arma faoliyatidagi muhim voqea ekanini ta’kidladi. Shuningdek, avval rus va venger tillarida chop etilgan ushbu qimmatli nashr ilk bor ozarbayjon tilida kitobxonlarga taqdim etilayotganini qayd etdi.
Kitobning yaratilish tarixi haqida so‘zlagan taniqli diplomat professor Hasan Hasanov taqdimot tashkilotchilariga va barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirdi. U diplomatik faoliyati davomida turli mamlakatlarda xizmat qilgan davrlarida turkiy merosni o‘rganishga doimo alohida e’tibor qaratganini aytdi. Muallifning ta’kidlashicha, mazkur nashrda Gyula Nemet, Layosh Ligeti, Zoltan Gomboch kabi mashhur venger olimlarining turkiy meros haqidagi qarashlari chuqur ilmiy tahlil qilingan bo‘lib, u Vengriya va turkiy xalqlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalarning naqadar chuqur ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Tadbirda Tamash Torma — Vengriyaning Ozarbayjondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, Hijron Huseynova — Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisining Oila, ayollar va bolalar masalalari qo‘mitasi raisi, Ozarbayjondagi Otaturk Markazi direktori, akademik Nizomiy Jafarov, Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ismayil Omarov, Ozarbayjon Tillar Universiteti professori Sevdagul Aliyeva hamda madaniyatshunoslik fanlari doktori Nigar Afandiyeva so‘zga chiqib, nashrning ilmiy ahamiyatini yuksak baholadilar.
Taqdimotda Ozarbayjon Respublikasida akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, davlat va jamoat arboblari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.