Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda.
Davlatimiz rahbari dastlab yer osti avtoturargohi va piyodalar o‘tish yo‘lagini barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Qurilish maydoni 40 ming kvadrat metrdan iborat bo‘lgan, qiymati 100 million dollarlik mazkur avtoturargohda birinchi bosqichda 200 ta yengil avtomobil hamda 30 ta motosikl va skuterlarni joylashtirish imkoniyati bo‘ladi. To‘rt tomonlama qulay va xavfsiz harakatlanish uchun piyodalar yo‘lagi quriladi.
Bu yerda avtomatlashtirilgan parkovka tizimlari, velosipedlar ijarasi nuqtalari tashkil qilinib, elektromobillarni zaryadlash uchun stansiyalar ham barpo etiladi. Mazkur avtoturargohni 2026 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz bu kabi zamonaviy avtoturargohlarni ko‘paytirish, ular aholi uchun maksimal darajada qulay bo‘lishini ta’minlash, kelgusida elektromobillar ulushi ortishini hisobga olib, ularni quvvatlash infratuzilmasini yanada rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Yangi Toshkentda vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun ma’muriy binolar qurilmoqda.
Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining modul turdagi yangi binosi barpo etilgan.
1,4 gektar yer maydonda umumiy maydoni 5751 kvadrat metrni tashkil etuvchi 5 ta bir qavatli yengil metall konstruksiyali, bazalt qoplamali sendvich panellardan iborat binolar qurildi.
Mazkur bino vazirlikning markaziy apparati hamda tizimdagi tashkilotlarni bir makonda joylashtirish imkonini berib, muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik va ish jarayonlarining samaradorligini oshiradi.
Engil konstruksiyalar va energiya samarador sendvich panellar, mustaqil oqova tizimi, samarali markazlashgan isitish, sovitish va shamollatish tizimi ushbu binoning ekspluatasiya xarajatlarini kamaytirish, kelgusida uni kengaytirish yoki demontaj qilish imkonini beradi hamda tez moslashuvchanligini ta’minlaydi.
Bugungi kunda yangi binoda vazirlik markaziy apparati va tizimdagi tashkilotlarda faoliyat yurituvchi jami 550 nafar xodim ishlamoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi ham shu binoda joylashgan.
Hozirda markaz tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi negizida bir qator platformalar ishga tushirilgan.
Davlatimiz rahbariga platformalar faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimida shahar va tumanlar hududlariga oid barcha ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlar yagona raqamli bazaga jamlandi. Geoportal orqali aholi punktlarining 3D formatdagi “raqamli egizaklari” yaratildi, rekonstruksiya va renovasiya zonalari belgilab olindi hamda hududlarni kompleks tahlil qilish imkoniyati yaratildi.
Bosh rejalarni ishlab chiqish va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, shuningdek, ular asosida qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari to‘liq raqamlashtirildi.
Bugungi kunga qadar 20 ta shahar, 22 ta shaharcha, 843 ta tuman aholi punktlarining raqamli bosh rejalari ishlab chiqilib geoportalga joylashtirildi.
“Reyting” elektron platformasida qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyatini baholash avtomatlashtirildi. “Tender” elektron platformasi vazirlik va idoralarning elektron tizimlari bilan integrasiya qilindi. “Qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish” elektron platformasining yangi versiyasi ishlab chiqilib, qurilish sohasidagi barcha 9 ta xizmat qamrab olindi.
“Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish”, “Qurilishda davlat nazorati”, “Mening uyim”, “Mening hududim”, “Issiqlik ta’minoti billing tizimi” kabi qator platformalar ham faoliyat yuritmoqda.
Tizimni yanada takomillashtirish, shaffoflashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda yosh mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
– Kechagi bilim bilan bugun katta natijalarga erishish qiyin. Buning uchun har kuni izlanish, aniq fanlar, xususan, axborot texnologiyalarini yaxshi o‘rganish kerak, bu qurilish sohasida ham juda muhim, – dedi Prezidentimiz.