Bugun 9 iyun, 2026 yil, seshanba

КИР

Prezidentga yirik forum bo‘yicha axborot berildi

Prezidentga yirik forum bo‘yicha axborot berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga navbatdagi Toshkent xalqaro investisiya forumiga tayyorgarlik yuzasidan axborot berildi.

Ushbu forum mamlakatimizning investisiyaviy salohiyatini keng namoyon etish, xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli loyihalarni shakllantirish va ilgari surish uchun muhim xalqaro maydonga aylangan.

2022 yilda ilk bor o‘tkazilgan forumda 56 mamlakatdan 1 mingdan ziyod xorijiy mehmon ishtirok etgan edi. Bu yil 16-18 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan beshinchi Toshkent xalqaro investisiya forumida 99 ta mamlakatdan jami 8 mingdan ziyod ishtirokchi, jumladan, qariyb 3,1 ming nafar xorijiy mehmon qatnashishi kutilmoqda.

Tadbirga taklif etilganlar orasida xorijiy davlatlar hukumatlari rahbarlari va vakillari, nufuzli xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, investisiya jamg‘armalari va ishbilarmon doiralar rahbarlari bor.

Taqdimotda forum va uning doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi haqida ma’lumot berildi. Xususan, yalpi majlis, ikki tomonlama uchrashuvlar, tarmoq va hududlar taqdimotlari, investisiya kelishuvlarini imzolash marosimlari hamda ishbilarmonlar muloqotlari o‘tkaziladi.

O‘zbekistonning investisiya salohiyatini namoyish etish ko‘rgazmasida qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, geologiya, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari tarmoqlarining imkoniyatlari taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Forum doirasida Prezidentimiz huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi ham bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatimizda investisiya muhitini yanada yaxshilash, sanoat-texnologik va innovasion rivojlanishni jadallashtirish, xususiy sektor va xalqaro investorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilinadi.

Joriy yilgi forumda ham investisiya kelishuvlarining yirik to‘plamini imzolash rejalashtirilgan. Hozirda yangi loyihalarni shakllantirish ishlari jadal ketmoqda.

Ishlab chiqilayotgan kelishuvlar kimyo sanoati, geologiya va metallurgiya, yengil sanoat, elektrotexnika va mashinasozlik, farmasevtika, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, energetika va ekologiya, raqamli texnologiyalar, qurilish va infratuzilma, bank-moliya, transport-logistika, turizm hamda ta’lim kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi yangi ish o‘rinlari yaratish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport salohiyatini oshirish, infratuzilmani modernizasiya qilish va hududlarning investisiyaviy jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari forumni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish, har bir tarmoq va hududning investisiyaviy salohiyatini aniq loyihalar orqali namoyon etish muhimligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga xorijiy mehmonlarni kutib olish, tadbirlar dasturini puxta tashkil qilish, imzolanadigan kelishuvlarning aniq ijro mexanizmlarini belgilash va forumdan keyin ularni tizimli monitoring qilib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kiritildi: Bugun 20:20. O'qildi: 313 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!