Bugun 9 dekabr, 2024 yil, dushanba

КИР

Prezidentdan “dux” olgan Omonboyevaga sud hukmi o‘qildi

Prezidentdan “dux” olgan Omonboyevaga sud hukmi o‘qildi

Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Merey Omonboyevaga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, Merey Omonboyeva 2022 yilning iyun oyidan 2023 yilning noyabr oyiga qadar Navoiy shahar Zarafshon mahallasida hokim yordamchisi lavozimida ishlagan. U xizmat mavqeyidan foydalanib, Navoiy shahridagi tadbirkorga o‘zining Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev bilan yaqin munosabatda ekanligini aytib, go‘yoki hokim bilan tanishtirib qo‘yishni va’da qilgan. Bu orqali esa tadbirkordan shahar hokimi Dilmurod Ergashev nomidan qarz evaziga pul so‘rab olishni rejalashtirgan.

Omonboyeva 2022 yil 28 oktyabrdan 2023 yil 5 sentyabrga qadar “Sarmish 9999” va “Bright industry buldings the future” MCHJ rahbari M.Rahmatovdan jami 80 mln so‘m pul mablag‘ini qarz sifatida olgan. Ushbu qarzni qaytarib bermaslik va tadbirkorning boshqa pul mablag‘lariga egalik qilish maqsadida 2023 yilning oktyabr-noyabr oylari davomida unga go‘yoki o‘zini Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev bilan yaqin munosabatda ekanligi, uning Xitoyga xizmat safari bilan borgan vaqtida Navoiy shahridagi ayrim tadbirkorlardan 50 ming AQSh dollari miqdorida qarz olib ketganligi, ushbu qarzdorlik tadbirkorlar tomonidan talab qilinayotganiga ishontirgan. So‘ngra go‘yoki shahar hokimi tomonidan M.Rahmatovdan moddiy yordam so‘ralganligi haqida Telegram orqali yozishmalarni soxtalashtirib, tadbirkorga ko‘rsatgan.

Merey Omonboyeva bu orqali M.Rahmatovni Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashevga qarz berishga ko‘ndirgan hamda pulni o‘zi yetkazishi kerakligiga ishontirgan. Tadbirkordan hokimga qarz sifatida berish uchun 2023 yil 1 oktyabrdan 18 noyabrga qadar 56 mln so‘m va 23 ming AQSh dollari, jami 338 mln so‘m miqdoridagi pulni qo‘lga kiritgan.

Omonboyeva sud majlisida so‘roq qilinganida aybiga iqrorlik bildirmasdan hokimning o‘zi undan pul so‘raganini, u o‘sha kuni kechqurun tadbirkorga qo‘ng‘iroq qilib, pulni olganini bildirgan.

Vaqt o‘tgach Mehroj aka bilan o‘rtamizda kelishmovchilik paydo bo‘lganligi sababli u qarz sifatida olib ketgan pullarimni qaytarishni so‘radi. Unga pullarning orasini ochib berishimni aytdim. Ammo D.Ergashevdan bu haqida hech qanday javob bo‘lmadi.

185 mln so‘m pulni D.Ergashev uchun qarz sifatida Mehroj akadan olganman. D.Ergashevdan 185 mln so‘m nima maqsadda kerak ekanligini so‘ramaganman. Bundan tashqari, M.Rahmatov xodimlarini elektrik, mexanik, slesar va boshqa shu kabi sohalarga o‘qitib berishim uchun 80 mln so‘m bergan, ammo o‘qitish uchun xodim yubormagan”, degan u.

Omonboyeva tergovda qo‘shimcha gumon qilinuvchi hamda ayblanuvchi sifatida himoyachisi ishtirokida so‘roq qilinganida esa aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.

Go‘yoki Navoiy shahar hokimi D.Ergashevning nomiga “Shahar hokimi” nomi ostida soxta akkaunt ochib, yozishmalarni ham o‘zim yozib, so‘ng skrinshot olgan holda M.Rahmatovga tashlab berdim. Unga shahar hokimi D.Ergashev M.Rahmatovdan pul mablag‘larini qarz sifatida berishi, keyinchalik qaytarib berishi haqida so‘zlari bo‘lib, ushbu ishni M.Rahmatovni ishontirish uchun qildim. Ularni M.Rahmatovga ko‘rsatib, 23 ming AQSh dollarini singlisi Z.Rahmatovadan oldim. Ushbu pullarni onam avtohalokatga uchraganligi uchun uning sog‘ligini tiklashga sarfladim. Navoiy shahar hokimi D.Ergashevning ushbu holatlardan umuman xabari bo‘lmagan”, degan u ko‘rsatmasida.

Jabrlanuvchi Mehroj Rahmatov suddagi ko‘rsatmasida shunday degan:

2023 yilning dekabr oyi oxirlarida M.Omonboyeva yana qarz so‘radi. Navoiy shahridagi xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotimda gaz masalasini bahona qilib, haqiqatan pul mablag‘lari shahar hokimiga berilayotganligini bilish maqsadida Navoiy shahar hokimi qabuliga bordim. Unga dastlab go‘yoki gaz bosimi pasayganligini, shuni ko‘tarishga amaliy yordam berishini aytdim. Gap orasida shahar hokimi D.Ergashevga “So‘ragan pulingizni kechga Mereyga berib yuboraman” dedim. Hokim qanday pul ekanligini so‘radi. Unga qarz sifatida 56 mln so‘m va 23 ming AQSh dollarini M.Omonboyeva orqali berganligimni ma’lum qildim. Hokim hayron bo‘lib, M.Omonboyevadan hech qanday pul so‘ramaganligini aytdi”.

Mehroj Rahmatov Omonboyeva unga jami 136 mln so‘m va 23 ming AQSh dollari miqdorida zarar yetkazganligini aytib, ushbu mablag‘ni undirib berishni so‘ragan.

Sudda Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev ham guvoh sifatida so‘roq qilingan. Hokim o‘z ko‘rsatmasida Merey Omonboyeva va Mehroj Rahmatovdan hech qanday pul mablag‘larini biror-bir ishini hal qilib berish yoki qarz sifatida so‘ramaganligini, ulardan pul olmaganligini, uning nomidan soxta Telegram akkaunt ochilganligini ma’lum qilgan.

Sud hukmi bilan Merey Omonboyeva Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandida (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Sud Merey Omonboyeva ayol kishi ekani, muqaddam sudlanmaganligi, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanayotganligi, “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangani, yetkazilgan zarar qoplanganini hisoblab, Jinoyat kodeksining 70-moddasiga (Shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilish) asosan jazodan ozod qilishni lozim topgan.

Kun.uz Merey Omonboyeva apellyasiya shikoyati kiritgan yoki kiritmaganligini aniqlashtirish maqsadida u bilan bog‘lanishga harakat qildi. Biroq buning imkoni bo‘lmadi.

Ma’lumot uchun, 27 yoshli Merey Omonboyeva 2020 yil Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. U 2024 yil 6 mart kuni Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. Tayinlovga qadar Navoiy shahri “Zarafshon” MFYda hokim yordamchisi vazifasida ishlagan.

Kiritildi: 15:31 30.10.2024. O'qildi: 98958 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!