Bugun Toshkentdagi “Ko‘ksaroy” qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tmoqda. Unda Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalardan 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirok etmoqda.
Muloqotda har bir sohada bo‘lgani kabi atrof-muhitni muhofaza qilishda ham yoshlarning o‘rni va ko‘lami ortib borayotganligi ta’kidlandi. Xususan, ekologiya, tibbiy xizmat, ta’lim, favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashish yo‘nalishidagi volontyorlarning soni 100 mingdan oshganligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida vazirlik va idoralar rahbarlari, faol ko‘ngilli yoshlardan iborat Volontyorlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashini tashkil qilish taklif etildi.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligida “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi tashkil qilinadi. Ushbu jamg‘armaga har yili byudjetdan 20 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi. Bunga qo‘shimcha viloyat hokimlari ham mahalliy byudjetdan 3 milliard so‘mdan ajratadi. Mazkur mablag‘lar hisobidan yoshlarning volontyorlik loyihalariga 100 million so‘mgacha grant beriladi. Ko‘ngilli yoshlarga “ijtimoiy faollik kartasi” ochilib, ekologiya, ijtimoiy himoya, tibbiyot, ta’lim, jamoat xavfsizligi kabi yo‘nalishlardagi ishtirokiga qarab ball berib boriladi.