Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59 yillik yig‘ilishida nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari tadbir ishtirokchilarini samimiy qutladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev OTB Boshqaruvchilari kengashining yig‘ilishida Markaziy Osiyoning turizm imkoniyatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilishicha, dunyodagi notinchlik tufayli millionlab sayyohlar xavfsiz yo‘nalishlarni qidirmoqda. Markaziy Osiyo ziyorat, madaniy, gastronomik, etno, ekstremal, tibbiyot kabi turizm yo‘nalishlarida katta salohiyatga ega.
O‘zbekiston mazkur sohaga alohida e’tibor qaratib, zarur infratuzilma, servis, viza va transport, eng muhimi, sayyohlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirdi. Buning hisobiga o‘n yil ichida O‘zbekistonga xorijiy turistlar oqimi 6 karra oshib, 12 million nafarga yetdi.
Yaqinda Toshkent shahrida ochilgan Islom sivilizasiyasi markazi, Samarqandda barpo etilgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi kabi majmualar qo‘shni mamlakatlarda ham bunyod etilmoqda. Shu bois, Prezident mintaqa davlatlarini birlashtiradigan turistik makon – “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusini ilgari surdi.
Davlat rahbari qo‘shni davlatlar, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa hamkorlarni turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirib, birgalikda moliyalashtirishga chaqirdi.