Har bir mamlakat taraqqiyoti ko‘p jihatdan iste’dodli bolalarni tanlash, ularga to‘g‘ri yo‘nalish berish, qobiliyatini o‘stirish, intellektual salohiyatini namoyon etishga ko‘mak bera oladigan ta’lim tizimini yaratishga bog‘liq.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida “Mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarishni o‘z oldimizga ustuvor vazifa qilib qo‘ygan ekanmiz, buni amalga oshirish uchun bizga, eng avvalo, yangi avlod kadrlari kerak” deya ta’kidlagan edi. Ana shunday ezgu niyat va maqsadlar natijasi o‘laroq, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. Bugungi kunda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi hamda 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Jo‘rabek Jangirovning ma’lum qilishicha, ushbu maktablarga o‘quvchilar qabuli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 maydagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizomlar asosida tashkil etiladi. Shuningdek, 2024-2025 o‘quv yili uchun agentlik tizimidagi maktablarga o‘quvchilar hujjatlarini qabul qilish hamda kirish imtihonlarini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining joriy yildagi tegishli yig‘ilish bayoni tasdiqlandi.
Qayd etilishicha, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga qabul jarayonlari iyun oyidan boshlanadi, imtihonlar esa iyul oyida o‘tkaziladi. Shunga ko‘ra, maktablarga hujjatlar qabuli joriy yilning iyun oyida hamda kirish imtihonlari iyul oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Prezident maktablariga o‘quvchilar belgilangan yillik qabul kvotasi doirasida ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan, jami 24 nafar o‘quvchi hamda ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga agentlik tomonidan belgilangan kvota doirasida o‘quvchilar qabul qilinadi.
Hujjatlar qay tarzda topshiriladi?
Agentlik tizimidagi maktablarga o‘quvchilarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari tomonidan quyidagi hujjatlar onlayn shaklda Agentlikning rasmiy veb-sayti ariza.piima.uz orqali qabul qilinadi:
– o‘quvchilarning tegishli o‘quv yili natijasiga ko‘ra baholar tabelining maktab direktori tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
– imtihon ruxsatnomasini shakllantirish jarayonida foydalanish uchun o‘quvchilarning oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurati;
– o‘quvchilarning tug‘ilganlik haqida guvohnomasi va ularning ota-onasi (qonuniy vakili) fuqarolik pasporti ma’lumotlari, bog‘lanish uchun mobil telefon raqamlari.
Hujjat topshirish jarayonida o‘quvchilarning ota-onasi (qonuniy vakili) kirish imtihonlari shartlari va talablari bilan tanishganligi to‘g‘risidagi onlayn ofertani tasdiqlaydi. O‘quvchilar Prezident maktabi hamda ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirish jarayonida ularga ixtiyoriy ravishda o‘z hududidagi ixtisoslashtirilgan maktablaridan birini qo‘shimcha tanlash imkoniyati beriladi.
Bunda Prezident maktabi kirish imtihonining 2-bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘qishga kira olmagan o‘quvchilar hududdagi o‘zi tanlagan ixtisoslashtirilgan maktabiga belgilangan kvota doirasida, to‘plagan ballari ketma-ketligi bo‘yicha imtihonsiz qabul qilinadi. Bunda kvota doirasidan oshib ketsa, imtiyoz qo‘llanilmaydi.
Ro‘yxati Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichi yoki unga tenglashtirilgan bosqichida matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya fanlaridan g‘olib va sovrindor bo‘lib, 1, 2, 3-o‘rinlarni egallagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘zi ta’lim oladigan hududdagi ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul kvotasi doirasida kirish imtihonisiz qabul qilinadi.
Bundan tashqari, o‘quvchilar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 5-sinfiga hamda Abu Ali Ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning 7-sinfiga ham alohida hujjat topshirishi mumkin.
Joriy o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Andijon va Samarqand viloyatlarida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallari tashkil etildi. Ushbu maktablarga 2024-2025-o‘quv yili uchun faqat shu hududning o‘quvchilari hujjat topshiradilar. Bu kabi maktablar kelgusi yillarda bosqichma-bosqich qolgan barcha hududlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.