Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) yaqin oylarda El-Ninyo iqlim hodisasi tufayli dunyo bo‘ylab haroratning yanada oshishi, kuchli qurg‘oqchilik, sel-suv toshqinlari va issiq to‘lqinlari kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Mutaxassislar hukumatlar va aholini ehtimoliy ekstremal ob-havo hodisalariga tayyor turishga chaqirmoqda.
El-Ninyo — Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismlarida suv haroratining davriy ravishda me’yordan yuqori ko‘tarilishi bilan bog‘liq iqlim hodisasi hisoblanadi. Odatda u 9 oydan 12 oygacha davom etadi va butun dunyo iqlimiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lum qilishicha, hozirgi paytda okean suvlarining isishi El-Ninyoning shakllanishi uchun qulay sharoit yaratmoqda. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, iyun–avgust oylarida dunyoning aksariyat hududlarida harorat o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
WMO bosh kotibi Selesta Sauloning ta’kidlashicha, El-Ninyo qurg‘oqchilik va kuchli yog‘ingarchiliklarni kuchaytirishi, shuningdek, quruqlik va okeanlarda issiq to‘lqinlari xavfini oshirishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirdanoq ehtimoliy kuchli El-Ninyo oqibatlariga tayyorgarlik ko‘rish muhim ahamiyatga ega.
Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, El-Ninyo ta’sirida Janubiy Amerikaning janubiy qismi, AQShning ayrim hududlari, Afrika mamlakatlari va Markaziy Osiyoda yog‘ingarchilik miqdori ortishi mumkin.
Aksincha, Avstraliya, Markaziy Amerika, Indoneziya hamda Janubiy Osiyoning ayrim qismlarida qurg‘oqchilik xavfi kuchayishi ehtimol qilinmoqda.
Shuningdek, Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismlarida El-Ninyo tropik bo‘ronlar va kuchli dovullar shakllanishi uchun qulay muhit yaratishi mumkin.
Ekspertlar ekstremal issiqlikning sog‘liq uchun xavflariga ham e’tibor qaratmoqda. Issiq ob-havo chivin va kana orqali yuqadigan kasalliklarning kengayishiga, oziq-ovqat va ichimlik suvi zaxiralarining qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ayrim milliy meteorologiya xizmatlari bu galgi El-Ninyo so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli hodisalardan biri bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.