Poraxo‘rlik - boshqaruv organlari faoliyati tartibiga qarshi qaratilgan uch mustaqil mansab jinoyatlari - pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilishni o‘z ichiga oladigan atama.
Har qanday moddiy qimmatliklar: pul, xorijiy valyuta, qimmatbaho buyumlar, qimmatbaho qog‘ozlar, oziq-ovqat yoki sanoat mahsulotlari va boshqalar pora predmeti bo‘lishi mumkin. Pora predmetiga, shuningdek, pora beruvchi tomonidan tekinga yoki past narxlarda amalga oshiriladigan mulkiy xarakterdagi turli xildagi xizmatlar ham kiritiladi (masalan, ta’mirlash ishlarini amalga oshirish).
Garchi ko‘p hollarda pora bevosita yoki vositachi orqali pul berish shaklida berilishiga qaramay, mazkur jinoyat predmetining serqirraligi pora olish va berishning xuddi shunday serqirra usullarini keltirib chiqaradi. Amaliyotda pora berishning qimmatli buyumni arzon sotish, karta o‘yinida oldindan til biriktirgan holda yutqizib qo‘yish, soxta mansab berish va pora oluvchi, uning qarindoshlari yoki boshqa ishonchli shaxslarga muntazam ravishda ish haqi to‘lab turish kabi boshqa “niqoblangan” usullari ham mavjud.
Amaliyotda shunday hollar ham uchrab turadiki, moddiy qimmatliklarni olayotgan mansabdor shaxs moddiy qimmatliklar muassasa tomonidan ko‘rsatilgan xizmat evaziga olinayotganligiga ishontirish orqali mazkur qilmishlarning qonuniyligini ko‘rsatish uchun, ularni berayotgan shaxslarni chalg‘itishga harakat qiladi. Pora predmetlari pora oluvchiga - mansabdor shaxsga bevosita va vositachi - oila a’zolari, tanishlar va hokazolar orqali berilishi, shuningdek, pora oluvchining bankdagi hisob raqamiga ko‘chirilishi ham mumkin.
Mansabdor shaxs tomonidan uning shaxsiy va ijtimoiy hayotidagi biror-bir voqea munosabati bilan qiymati jihatidan uncha qimmat bo‘lmagan sovg‘alar olinishi pora hisoblanmaydi. Masalan, yubiley munosabati bilan uncha qimmat bo‘lmagan qo‘l soati, dissertasiya himoyasi munosabati bilan guldasta, konfet, faxriy unvonlar olinishi.
Shu bilan birga, mulkiy xarakterga ega bo‘lmagan foydalar pora predmeti bo‘lishi mumkin emas. Masalan, mansabdor shaxs tomonidan boshqa shaxs manfaatlariga qaratilgan o‘z harakatlari uchun nomoddiy xarakterdagi xizmatlar olish: ijobiy tavsifnoma, tavsiyanoma, maqolaga taqriz va boshqalar. Muayyan shartlar mavjud bo‘lgan holda mazkur harakatlar mansab vakolatini suiiste’mol qilish yoki mansab vakolatidan chetga chiqish sifatida kvalifikasiya qilinishi lozim.
D.Xushiyev, Zarafshon shahar ma’muriy sudining sudya yordamchisi