Bugun 1 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Polshada siyosiy inqiroz: Kim kim bilan kurashmoqda?

Polshada siyosiy inqiroz: Kim kim bilan kurashmoqda?

Polsha prezidenti Konstitusiyaviy tribunal inqirozini hal qilish maqsadida barcha parlament kuchlari ishtirokida shoshilinch majlis chaqirdi. Kechasi u sud binosiga janjal bilan kirdi: davlat rahbarining soqchilari polisiya xodimlari, prezidentning o‘zi esa sudyalar bilan to‘qnashgan. Muxolifat bu voqealarni davlat to‘ntarishi deb baholadi.

Shu kecha-kunduzda Polshada ro‘y berayotgan hodisalar va mamlakat qanday qilib siyosiy inqirozga kelib qolganiga to‘xtalamiz:

Kim kim bilan kurashmoqda?

Konstitusiyaviy tribunal — Polsha Konstitusiyaviy sudi. Unda parlament tomonidan saylanadigan 15 nafar sudya faoliyat yuritadi va ular mamlakat prezidentiga qasamyod qabul qiladi.

Davlat rahbari (prezident) Karol Navroski hamda «Qonun va adolat» (PiS) partiyasi sud raisi Bogdan Svenchkovski va uning o‘rinbosari Bartlomey Soxanskini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Bosh vazir Donald Tusk hukumati va Adliya vaziri Valdemar Jurek esa o‘zini o‘zi tribunalning muvaqqat rahbari deb e’lon qilgan sudya Anna Korvin-Piotrovska tarafida.

Nizo qanday boshlandi?

2015–2023 yillarda hokimiyat tepasida PiS partiyasi bo‘lgan. Ushbu davrda partiya tribunalga uch nafar sudyani qonunbuzarliklar bilan tayinlagan, Yevropa sudlari esa tribunalni mustaqil deb tan olmaslik haqida qaror chiqargan.

2023 yilda Tusk hokimiyatga kelgach, uning hukumati tribunalning qonuniyligini tan olishdan bosh tortdi. 2026 yilning mart oyida parlament yangi sudyalarni saylashni boshladi va oktyabrgacha sakkiz nafar sudya tayinlandi. Prezident Navroski ulardan besh nafarining, jumladan Korvin-Piotrovskaning qasamyodini qabul qilishni rad etdi. Sudning amaldagi raisi Svenchkovski ularni ishga qo‘ymadi. Shunga qaramay, mazkur besh nafar sudya prezident huzurida emas, balki parlament binosida mustaqil ravishda qasamyod qildi.

30 oktyabr: Sud ikkiga bo‘lindi

Korvin-Piotrovska Svenchkovski va Soxanskini 30 kunga ishdan chetlashtirganini e’lon qildi. U endilikda tribunalni vaqtincha boshqarishini ma’lum qildi. Jurek esa o‘z navbatida har ikki sudyani daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha beshta iltimosnoma kiritdi.

Tribunal matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, amaldagi parlament tomonidan saylangan yetti nafar sudya davlat qo‘riqlash xizmati hamrohligida binoga kirib borgan. Svenchkovski va uning o‘rinbosari esa ichkariga qo‘yilmagan.

Korvin-Piotrovska sudyalar xavf ostida qolganini ro‘kach qilib, polisiya chaqirgan. Keyinroq namoyishchilar to‘siqlarni buzib o‘tib, polisiya xodimlariga turli buyumlarni uloqtirgan. Uch kishi qo‘lga olingan.

Svenchkovski, «Qonun va adolat» partiyasi va Oliy sud raisi Zbignev Kapinski yuz berayotgan voqealarni davlat to‘ntarishi deb atadi. Tusk esa, aksincha, hukumat qonun ustuvorligini tiklashga majbur ekanligini bildirdi. Mazkur inqiroz fonida Polshaning Xitoy va Ruminiyadagi elchilari iste’foga chiqdi.

31 oktyabrga o‘tar kechasi: Navroski sud binosiga keldi

Prezident Senegalga uyushtirgan safarini chala qoldirib, kechqurun Varshavaga qaytib keldi. Kelishi bilan Svenchkovski va Kapinski bilan uchrashdi, tungi soat birlarga yaqin esa Oliy sud raisi hamrohligida tribunalga yetib keldi.

Dastlab Navroskining soqchilari polisiyachilar bilan to‘qnashgan, so‘ngra prezidentning o‘zi bino kirishida sudyalar bilan janjallashgan. Videoyozuvda uning sudyalarga «Sizlar tribunal sudyalari emassizlar» degani aks etgan. Sudya Machey Berek Navroskini jismoniy hujum qilishda aybladi, davlat rahbarining matbuot xizmati esa sudyalar prezidentning daxlsizligini buzganini da’vo qildi.

Endi nima bo‘ladi?

3 noyabr kuni Korvin-Piotrovska «sud faoliyatini tiklash» maqsadida sudyalarning umumiy yig‘ilishini chaqirmoqda. Svenchkovski va Soxanskining 30 kunlik chetlashtirish muddati tugaganidan keyin ularning taqdiri alohida yig‘ilishda hal qilinishi kerak. Navroski va Svenchkovski Korvin-Piotrovskaning vakolatlarini tan olmayapti, shu sababli sud rahbariyati atrofidagi nizo davom etmoqda.

Navroski binoda taxminan 4,5 soat bo‘lib, ertalabki soat yettilarda u yerni tark etdi. Namoyishchilar qarshisida uning bayonotini devonxona rahbari o‘qib eshittirdi: Prezident yuz berayotgan hodisalarni «davlat organini kuch bilan egallab olish» deb atadi, tribunaldan hukumat kuchlarini olib chiqishni talab qildi va 31 oktyabr kuni parlament kuchlari bilan shoshilinch maslahatlashuvlar o‘tkazilishini e’lon qildi. U buni mamlakatning ichki xavfsizligiga tahdid solayotgan vaziyatni muhokama qilish zarurati bilan izohladi.

Kiritildi: 18:49 31.10.2026. O'qildi: 573 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!