Bugun 12 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Polsha Ukraina bilan harbiy samolyotlarni dron texnologiyalariga almashtirmoqchi

Polsha Ukraina bilan harbiy samolyotlarni dron texnologiyalariga almashtirmoqchi

Polsha va Ukraina o‘rtasida harbiy-texnik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi kelishuv imzolandi. Tomonlar uchuvchisiz uchish apparatlari hamda ularga qarshi kurashish texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhlar tashkil etishga kelishib oldi.

Polsha mudofaa vaziri o‘rinbosari Sezariy Tomchikning ma’lum qilishicha, Varshava Ukrainaga MiG-29 qiruvchi samolyotlarini topshirish masalasini ham yakuniy kelishuv bosqichiga olib chiqqan.

«Biz Polshaga tegishli MiG-29 samolyotlarini Ukrainaga topshirish masalasini yakunlayapmiz. Buning evaziga ukrainlarning dronlar va ularga qarshi kurashish vositalariga oid texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lamiz», — dedi Tomchik.

Avvalroq Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish Kiyevga qiruvchi samolyotlarni berish rejasi bekor qilinganini bildirgandi. Bunga Ukraina tomonining dron texnologiyalarini taqdim etish bo‘yicha avvalgi kelishuvlardan chekingani sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Keyinchalik Varshava ushbu masala yuzasidan muzokaralarni qayta boshlashini ma’lum qildi.

Ayni paytda Polsha Qurolli kuchlari ixtiyorida 14 ta MiG-29 qiruvchi samolyoti mavjud. Rejaga ko‘ra, dastlabki bosqichda ulardan ikkitasi Ukrainaga topshirilishi mumkin.

Hozircha samolyotlarni topshirishning aniq muddati e’lon qilinmagan.

Kiritildi: 23:42 10.11.2026. O'qildi: 534 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik