"Biz Ukrainadagi voqealarni kuzatyapmiz va urush hozirda Rossiya uchun eng yaxshi tarzda kechmayotganini ko‘ryapmiz. Bu Moskva vaziyatni yanada keskinlashtirishga urinishi mumkinligidan xavotirlanish uchun asosdir", — deb bayonot berdi Polsha tashqi razvedkasi rahbari Pavel Shota Rzeczpospolita gazetasiga.
Uning fikricha, 2014 yildagi Qrim voqealariga o‘xshash tarzda Boltiqbo‘yi mamlakatlarida ham "yashil odamchalar" (taniqlik belgilari bo‘lmagan harbiy xizmatchilar) paydo bo‘lishi mumkin.
Shotaning hisoblashicha, Rossiya "alyansning reaksiyasini tekshirib ko‘rish uchun" muntazam ravishda "qizil chiziqlar"ni kesib o‘tmoqda.
"Bunday provokasiyalarning zarari unchalik katta emas, alyans esa birinchi navbatda siyosiy darajada munosabat bildirmoqda, bu esa keyingi eskalasiyaga zamin yaratyapti", — deya davom etdi u.
Avvalroq Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy ham "soxta bayroq ostidagi" ehtimoliy harakatlardan ogohlantirgan edi.
"Biz Putinga u nimani rejalashtirayotganini bilishimizni, bunga uchmasligimizni, bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmas ekanini va alyans hududining har bir qarichini himoya qilishimizni aniq tushuntirishimiz kerak", — degan edi u bir necha kun avval AQShning CBS telekanaliga bergan intervyusida.