Madridning "Real" jamoasi ustidan qo‘lga kiritilgan tarixiy g‘alaba (3:2) "Albasete" muxlislari orasida stadionning o‘zida katta eyforiyani keltirib chiqardi.
Ammo hamma ham his-tuyg‘ularini nazorat qila olmadi.
AS nashrining xabar berishicha, uchinchi golni nishonlanish paytida "Albasete" muxlislari joylashgan tribunalardan Vinisius Junior tomon banan uloqtirilgan. Dastlab bu holat e’tiborsiz qolgan, jumladan braziliyalik futbolchining o‘zi ham bunga ahamiyat bermagan. Biroq keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu voqea federasiya vakilining rasmiy hisobotida qayd etilgan.
Yuz bergan hodisa haqida "Albasete" ham xabardor qilingan va klub polisiya bilan birga aybdor shaxsni aniqlash ishlarini boshlagan. Shuningdek, o‘yindan oldin ham braziliyalik futbolchi mahalliy muxlislar tomonidan irqiy kamsitishlarga duch kelgan va uning sha’niga nomaqbul qo‘shiqlar aytilgan.