Pokiston Qirg‘izistonga Karachi va Gvadar portlariga chiqish imkonini beradigan transport yo‘laklarini ochish bo‘yicha keng imkoniyatlar taklif qilmoqda.
Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu haqda Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Bishkekda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ma’lum qildi.
Sharif Islomobod Bishkek bilan har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratayotganini ta’kidladi. U, shuningdek, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun faol hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Pokiston bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi faol siyosiy muloqot savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Tomonlar yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini yiliga 200 million dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Sharif Qirg‘iziston rahbariyati va xalqini mustaqillikning 35 yilligi, SHHT sammitining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilishi bilan tabrikladi.
Muzokaralar yakunida Japarov va Sharif ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik darajasi yuqori ekanini ta’kidladi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquqni muhofaza qilish, ta’lim, ilmiy-texnik va gumanitar sohalarni qamrab olgan 15 ta ikki tomonlama hujjatni imzoladi va almashdi.
Ikki davlat rahbarlari erishilgan kelishuvlar Qirg‘iziston va Pokiston hamkorligi doirasida aniq loyihalar hamda yangi tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘lishiga ishonch bildirdi.