Hindiston uzoq vaqtdan beri terrorizmdan davlat darajasida vosita sifatida foydalangan.
Bu haqda Pokistonning BMTdagi doimiy vakili Asim Iftixor Ahmad jahon tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Diplomat Hindiston bilan kuchayib borayotgan keskinlik, Jammu va Kashmirdagi so‘nggi o‘zgarishlar va mintaqaviy xavfsizlik masalalari haqidagi savollarga javob berdi.
Uning qayd etishicha, Islomobod BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ikki davlat o‘rtasida kuchayib borayotgan keskinlikni kamaytirish uchun vositachilik qilish taklifini qo‘llab-quvvatlaydi va bu tashabbusga ijobiy munosabatda. Doimiy vakilning ta’kidlashicha, Pokiston tomoni Bosh kotibni mintaqaga tashrif buyurib, vaziyatni joyida baholashga chaqirgan.
Hindistonning Pokistonni terrorizmni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblashiga izoh berar ekan, diplomat uning mamlakati mintaqada tinchlik va barqarorlik tarafdori va muloqotga doimo ochiq ekanini aytdi: "Yagona yechim - muloqot. Biz muhokamalarga tayyor bo‘lsak-da, Hindiston bu imkoniyatni qadrlamaydi".
Elchining qo‘shimcha qilishicha, Hindiston uzoq vaqtdan beri terrorizmdan o‘z siyosiy maqsadlariga erishish uchun davlat darajasida vosita sifatida foydalanmoqda: "Pokiston terrorizmdan eng ko‘p jabr ko‘rgan davlatlar qatoriga kiradi. Hindiston o‘zining noqonuniy harakatlarini yashirish maqsadida bu masalani manipulyasiya qiladi".
2019 yilgi Pulvama hujumiga ishora qilib, diplomat Hindiston voqeadan siyosiy manfaatlar uchun foydalanganini va avgust oyida Jammu va Kashmirning maxsus maqomining bekor qilinishi mintaqadagi keskinlikni yanada kuchaytirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pokiston Hindistonning Balujiston va boshqa hududlardagi terrorchilik faoliyatini moliyalashtirgani haqida bir necha bor dalillar keltirgan.
Jammu va Kashmirdagi inson huquqlari buzilishi haqida gapirar ekan, elchi Hindiston mintaqadagi demografik o‘zgarishlarga qaratilgan siyosat olib borayotganini ta’kidladi.
"2019-yilda 370-modda bekor qilinganidan keyin minglab Hindiston fuqarolariga Jammu va Kashmirda yashashga ruxsat berildi. Bu mintaqa demografiyasini sun’iy ravishda o‘zgartirishga urinish bo‘lib, BMT rezolyusiyalariga ziddir".
Diplomat, shuningdek, BMTni dunyoda tobora kuchayib borayotgan islomofobiya holatlariga qarshi faolroq munosabatda bo‘lishga chaqirdi va bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Axmed yadroviy tahdid haqidagi savolga javob berar ekan, Pokiston mas’uliyatli yadroviy davlat sifatida hech qachon qurolni tahdid vositasi deb hisoblamasligini ta’kidladi.
“Umid qilamizki, Hindiston ham xuddi shunday mas’uliyatni namoyon etadi”, - dedi u.