«Real» prezidenti Florentino Peres va «Barselona» vakillari "Qirollik klubi" rahbarining o‘tgan yil may oyida bildirgan bayonotlari yuzasidan kataloniyaliklar tomonidan berilgan tuhmat da’vosi doirasida yarashtiruv majlisiga chaqirildi. Bu haqda Marca xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, uchrashuv 25 noyabr kuni Madridda bo‘lib o‘tadi. Unda «Barselona» Florentino Peresning bayonotlarini rad etishini va ularni qaytarib olishini talab qiladi. Majlis yakunlari mazkur nizoning keyingi jarayonini belgilab beradi.
Agar «Real» prezidenti majlisga kelmasa yoki kelgan taqdirda ham o‘z so‘zlaridan qaytishdan bosh tortsa, kataloniyaliklar Peresga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni so‘rab ariza berishni rejalashtirmoqda.
Peres may oyida Ispaniya chempioni bo‘lgani haqida gapirar ekan, «Real» yetti marta chempionlikni qo‘lga kiritganini, agar klubdan yetti chempionlik unvoni «o‘g‘irlanmaganida», bu ko‘rsatkich 14 ta bo‘lishi mumkinligini aytgan edi.