Pentagon bosh inspektori hisobotida Eronga qarshi urush AQSh harbiylarida o‘q-dorilar tanqisligi va qurol-yarog‘ yetkazib berish zanjirlarida uzilishlarga olib kelgani qayd etildi.
Tasnim agentligi xabar berishicha, AQSh Harbiy departamenti bosh inspektorining Eron mojarosiga bag‘ishlangan ilk ochiq hisoboti 28 fevraldan 30 iyungacha bo‘lgan davrni qamrab olgan. Hujjatda Pentagon tanqislikni bartaraf etish uchun qurol-yarog‘ xaridi va ishlab chiqarishni tezlashtirayotgani, yetkazib berish muddatlarini qisqartirayotgani hamda xomashyo, butlovchi qismlar va ayrim muhim o‘q-dorilar zaxirasini ko‘paytirayotgani aytilgan.
Hisobotga ko‘ra, urush AQShga hozirgacha taxminan 33,4 milliard dollarga tushgan. Shundan 22,3 milliard dollari ishlatilgan o‘q-dorilarga, 3,7 milliard dollari yo‘qotilgan harbiy texnikaga, 7,4 milliard dollari esa boshqa xarajatlarga to‘g‘ri keladi. Buzilgan infratuzilmani ta’mirlash xarajatlari bu hisobga kiritilmagan.
Hujjatda AQSh harbiy texnikasi yo‘qotishlari haqida ham ma’lumot berilgan. Unga ko‘ra, kamida 30 ta yirik AQSh droni yo‘q qilingan. Shuningdek, to‘rtta F-15E, bitta F-35E, bitta A-10, 12 ta KC-135 yonilg‘i quyuvchi samolyot va yana to‘qqizta boshqa samolyot yo‘q qilingan yoki jiddiy shikastlangan.
Hisobotda Eron urush davomida Bahrayndagi AQSh harbiy-dengiz kuchlarining asosiy logistika bazasiga dronlar va ballistik raketalar bilan hujum qilgani rasman birinchi marta qayd etilgan. Shuningdek, mintaqadagi bir qator AQSh bazalari, razvedka va kuzatuv tizimlariga jiddiy zarar yetkazilgani aytilgan.
Bosh inspektor ma’lumotlariga ko‘ra, urush davrida 20 mingdan ortiq amerikalik harbiy xizmatchi va diplomat boshqa joylarga ko‘chirilgan. AQSh samolyotlari esa jangovor operasiyalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yevropa bazalaridan 5000 tagacha parvozni amalga oshirgan.
Hisobot AQSh harbiy vaziri Pit Xegset mamlakatda o‘q-dorilar zaxirasi kamaygani haqidagi xabarlarni rad etgan bir paytda e’lon qilindi. Prezident Donald Tramp ham yaqinda AQShda deyarli «cheksiz» o‘q-dori zaxirasi borligini aytgan edi.
Bosh inspektor hisobotida mintaqada joylashtirilgan AQSh qo‘shinlarining ruhiy holati baholanmagan. So‘nggi haftalarda bu masala Pentagon e’tiborida bo‘lib kelmoqda, xususan, «Avraam Linkoln» avianosesining uzaytirilgan xizmat muddati va undagi harbiy xizmatchilarning sharoiti yuzasidan xavotirlar bildirilgan.