Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov yaqinda vasiyat qilganini aytdi, chunki uning erkinliklarni himoya qilish borasidagi faoliyati xavf-xatarlarga ega.
“Men yaqinda vasiyat qildim. Farzandlarim mening boyligimga bugundan boshlanadigan 30 yillik muddat tugamaguncha foydalana olmasligiga qaror qildim. Men ular oddiy odamlardek yashashlarini, o‘z hayotlarini qurishlarini, o‘zlariga ishonishni o‘rganishlarini, bank hisobvarag‘iga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘zlari yarata olishlarini istayman”, dedi u Fransiyaning Point jurnaliga bergan intervyusida.
Durovning tushuntirishicha, u atigi 40 yoshida vasiyat qoldirmoqda, chunki uning ishi “tavakkalchilikka” asoslangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkinliklarni himoya qilish orqali siz ko‘plab dushmanlar orttirishingiz mumkin, jumladan, kuchli davlatlarda.
“Men farzandlarimni, shuningdek, o‘zim yaratgan Telegram kompaniyasini himoya qilmoqchiman. Telegram men himoya qilayotgan qadriyatlarga doimo sodiq qolishini istayman”, dedi u.
Messenjer asoschisining aytishicha, u uch xil ayoldan olti nafar farzandning “rasmiy otasi”. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Dubayda o‘g‘illi bo‘lgan, biroq Fransiyadan chiqib ketish taqiqlangani sababli uning tug‘ilishiga bora olmagan. Shuning uchun bolaga hali pasport berilmagan. Durov, shuningdek, o‘g‘lining hayotining birinchi oylarida uning oldida bo‘la olmayotganidan afsusdalini aytdi.
Shu bilan birga, u sperma donorligi evaziga dunyoning 12 mamlakatida yuzdan ortiq biologik bolalarni dunyoga keltirganini eslab o‘tdi. Durovning so‘zlariga ko‘ra, u tabiiy yo‘l bilan va donorlik orqali tug‘ilgan bolalar o‘rtasida farq bo‘lmaydi – ularning barchasi bir xil huquqlarga ega bo‘ladi, deb xabar beradi ria.ru.