Bugun 21 noyabr, 2025 yil, juma

КИР

Patent va guvohnomalarga o‘zgartirish kiritish jarayonlari soddalashtiriladi

Patent va guvohnomalarga o‘zgartirish kiritish jarayonlari soddalashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 noyabr kuni intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’lim sohalarini isloh qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Keyingi yillarda intellektual mulk sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Sohada 51 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, O‘zbekiston 8 ta xalqaro shartnomaga qo‘shildi. Intellektual mulk himoyasi kuchaytirilib, unga oid huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazo qat’iylashtirildi, jinoiy javobgarlik belgilandi. Bojxonada “ex officio” tartib-taomili kiritilib, kontrafakt tovarlarni yo‘q qilish tartibi joriy etildi, har yili “Kontrafaktsiz oy” oyligi o‘tkazilmoqda.

Intellektual mulk ob’ektlarining soni 102 mingtadan oshdi, xorijda mahalliy va O‘zbekistonga kirgan xorijiy brendlar muhofazasi kengaytirildi, Samarqand noni, Chust pichoqlari, Marg‘ilon adrasi kabi 23 ta geografik ko‘rsatkich ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Bu ishlar natijasida mamlakatimiz Global innovasiyalar indeksida 14 pog‘ona yuqorilab, 79-o‘ringa ko‘tarildi.

Taqdimotda sohani yanada rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda Intellektual mulk sohasini rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Rejaga ko‘ra, patent va guvohnomalarga o‘zgartirish kiritish jarayonlari soddalashtiriladi, 5 ta kompozit va 4 ta proaktiv xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, intellektual mulkdan foydalanish holati Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingida inobatga olinadigan tartib joriy qilinadi.

Barcha oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida patentlash, ishlab chiqarishga kiritish hamda tijoratlashtirishga ko‘maklashish markazlarini ochish, dastlab Milliy universitetda, keyinchalik yana 4 ta oliygohda “Intellektual mulk ob’ektlari menejmenti” yo‘nalishini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Ijodkorlar va mutaxassislarni rag‘batlantirish maqsadida har yili 5 ta nominasiya bo‘yicha “Eng yaxshi intellektual mulk ob’ektlari” tanlovini o‘tkazish taklif qilindi. “Intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” maxsus ko‘krak nishoni ta’sis etilib, 26 aprel – Butunjahon intellektual mulk kunida topshirib borilishi belgilandi.

Milliy geografik ko‘rsatkichlar tizimini mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Yetmishga yaqin geografik ko‘rsatkichni ro‘yxatdan o‘tkazish, Lissabon tizimiga a’zo bo‘lish orqali milliy mahsulotlar qiymatini va eksport salohiyatini oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Kiritildi: Bugun 14:55. O'qildi: 309 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!