COVID-19 pandemiyasi natijasida jahon turizm bozoridagi keskin pasayishlar ortidan Tailanddagi turoperatorlar biznesni ommaviy ravishda tark etmoqda.
Xorijlik mehmonlarga xizmat ko‘rsatish sohasidagi firmalarning 30 foizdan ortig‘i, xususan, turoperatorlar, suvenir do‘konlari, restoranlar, ekskursiya avtobuslariga ega kompaniyalar aprelda faoliyatini to‘xtatgandi. Ularning aksariyati o‘z aktivlarini sota boshladi va yopilmoqda.
Tailand turoperatorlar assosiasiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvardan iyungacha muddatda mingdan ortiq ana shunday kompaniyalar o‘z lisenziyalarini davlatga qaytarib bergan.
Tailandda xorijlik turistlarning yillik hajmi prognozi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 80 foizga tushib ketdi.
Xabar qilinishicha, asosan xitoylik sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan firmalar muammoga duch kelgan.
Tailand sport va turizm vazirligining hisob-kitobiga ko‘ra, mamlakatda turizm sohasidagi korxonalarning 60 foizi yopilishi mumkin.