Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Eron bilan chegara yaqinidagi havo hududini 12 soatga yopishga qaror qildi. Shuningdek, u mamlakat Qurolli kuchlariga ehtimoliy javob choralarini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu qaror 5 mart kuni Naxichevon avtonom respublikasida dron hujumlaridan so‘ng chaqirilgan Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida e’lon qilingan.
Aliyevning aytishicha, hujumlar Naxichevon xalqaro aeroporti, maktab va boshqa fuqarolik ob’ektlariga qaratilgan. Prezident bu holatni «terrorchilik harakati» va «tajovuz» deb baholab, Boku bu voqeani javobsiz qoldirmasligini ta’kidladi.
«Qurolli kuchlarimizga javob choralarini tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi», — dedi Aliyev. Shuningdek, Mudofaa vazirligi, Davlat chegara xizmati va maxsus kuchlar bo‘linmalari yuqori shay holatga keltirilgani ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Eron elchisini chaqirib, unga norozilik notasini topshirgan. Aliyev o‘z chiqishida Boku qo‘shni davlatlarga qarshi hech qanday operasiyalarda ishtirok etmaganini va ishtirok etmasligini yana bir bor ta’kidladi.
Prezident bir necha kun oldin Ozarbayjon Eronga Livandan diplomatlarni evakuasiya qilishda yordam berganini eslatib, hozirgi hujumni «qo‘pol nosukurlik» deb atadi.