Davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qishki o‘qishni ko‘chirish 20 dekabrdan boshlanadi. Bu haqda “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, bu jarayon faqat ikki turdagi uzrli sabablar asosida va faqat oflayn tarzda, talaba yoki uning yaqin qarindoshi tomonidan shaxsan hujjat topshirish orqali amalga oshiriladi.
Ma’lumotga ko‘ra, qishki o‘qishni ko‘chirishda faqat davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida va quyidagi ikki uzrli sabab asosida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi:
Talaba oila qurgan taqdirda, turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirish istagida bo‘lsa;
davlat organlari xodimining ish joyi o‘zgarganda, uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lsa (bu holda tegishli vazirlik/idora rahbarining tavsiya xati talab etiladi).
Arizalar 20 dekabrdan 20 yanvargacha hududiy ishchi guruhlarga oflayn shaklda topshiriladi. Onlayn ariza qabul qilinmaydi, sayt orqali to‘ldirish ko‘zda tutilmagan.
Talabalar (yoki ularning yaqin qarindoshlari) quyidagi hujjatlarni shaxsan taqdim etadi:
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza (blanka hududiy ishchi guruh tomonidan beriladi va joyida to‘ldiriladi);
reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxasi (bittasi yetarli);
pasport nusxasi;
yuqorida ko‘rsatilgan uzrli sabablarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar.
Qishki o‘qishni ko‘chirish jarayonini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun mas’ul OTMda ishchi guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, barcha masalalar shu guruhlar orqali hal etiladi.