Toshkent shahrining Mirobod tumanida ikki nafar farzand uchun aliment to‘lovlari ular 18 yoshga to‘lguniga qadar oldindan ta’minlandi. Aliment majburiyati bo‘yicha hisoblangan mablag‘ 319 mln 322 ming 903 so‘mni tashkil etgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining sud buyrug‘iga ko‘ra, F.CH.dan ikki nafar farzandi ta’minoti uchun uning oylik ish haqi va boshqa daromadlarining uchdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan edi.
Davlat ijrochisi tomonidan berilgan huquqiy tushuntirishlar va profilaktik muloqotlardan so‘ng qarzdor har oy aliment to‘lab borish o‘rniga, farzandlari 18 yoshga to‘lguniga qadar to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘ni oldindan to‘liq ta’minlash yo‘lini tanlagan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ikki nafar farzand uchun alimentning umumiy miqdori 319 mln 322 ming 903 so‘mni tashkil etgan va mazkur majburiyat oldindan bajarilgan.
Bundan tashqari, Mirobod tumanlararo sudi kelishuv bitimini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, qarzdor farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning ta’minoti uchun Mirobod tumanida joylashgan uy-joy hamda Nexia 3 rusumli avtomobil berish orqali ham aliment majburiyatini ta’minlagan.
Belgilangan majburiyatlar to‘liq bajarilgani sababli ijro ishi qonunning 37-moddasiga asosan tamomlangan.