Saudiya Arabistonidagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat 2027 yilgi Osiyo Kubogining o‘tkazilish muddatiga ta’sir qilishi mumkin. Osiyo Futbol Konfederasiyasi (OFK) musobaqani bir yilga kechiktirib, 2028 yilda o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Biroq turnir taqdiri bo‘yicha hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Saudiya Arabistoni tarixda ilk bor futbol bo‘yicha Osiyo Kubogiga mezbonlik qiladi. Bu 2034 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan qirollik uchun infratuzilma va xavfsizlik tizimini sinovdan o‘tkazish imkoniyati sifatida ham qaralmoqda. 24 ta terma jamoa ishtirokidagi musobaqa 2027 yil 7 yanvarda boshlanishi, uchrashuvlar Ar-Riyod, Jidda va Al-Xobar shaharlaridagi sakkizta stadionda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Biroq mintaqadagi vaziyat OFKni ehtiyot choralarini ko‘rishga undamoqda. Syurixda bo‘lib o‘tayotgan FIFA kengashi yig‘ilishida qatnashayotgan OFK prezidenti Salmon bin Ibrohim Al Xalifa musobaqa taqdiri haqida gapirdi:
“Biz noyabr oyi oxirigacha kuta olamiz. Mintaqadagi vaziyat juda tez o‘zgarishi mumkin — ijobiy yoki salbiy tomonga. Hozircha vaziyatni kuzatib borishimiz kerak”, dedi OFK rahbari jurnalistlar bilan suhbatda.
Shuningdek, u zarurat tug‘ilsa, muqobil reja ishga tushirilishini tasdiqladi:
“Agar qat’iy qaror qabul qilish zarurati tug‘ilsa, buni albatta amalga oshiramiz. Kerak bo‘lsa, turnirni 2028 yilga ko‘chirishimiz ham mumkin. Hozircha vaziyatni kuzatib boryapmiz, barcha tayyorgarlik ishlari esa reja asosida davom etmoqda”, dedi Salmon bin Ibrohim Al Xalifa.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo Kubogi avval ham mezbon mamlakat bilan bog‘liq vaziyat sabab boshqa muddatga ko‘chirilgan. Xitoy COVID-19 pandemiyasi davridagi cheklovlar tufayli musobaqaga mezbonlik qilishdan voz kechgach, 2023 yilga mo‘ljallangan turnir 2024 yil boshida Qatarda o‘tkazilgan edi. Saudiya Arabistonida o‘tadigan navbatdagi Osiyo Kubogi bo‘yicha yakuniy qaror esa mintaqadagi vaziyatning keyingi rivojiga bog‘liq. Hozircha musobaqani 2028 yilga ko‘chirish faqat ehtimoliy variant bo‘lib qolmoqda.