26–30-aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari” xalqaro konferensiyasi, “Orol tubiga eko-ta’lim sayohatlari” xalqaro haftaligi, “Eko-tashabbus” loyihasi va boshqa turkum tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Xalqaro haftalikda xorijiy mehmonlar, Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyati va hududlardan Qoraqalpog‘istondagi oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olayotgan yoshlar, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Toshkent davlat agrar universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalarining ekologiya yo‘nalishidagi talaba-yoshlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi harbiy xizmatchilarning voyaga yetgan oila a’zolari, qozoq, rus, koreys, ukrain, turkman milliy madaniy markazlari vakillari ishtirok etadi.
Xalqaro haftalik doirasida “Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari” xalqaro konferensiyasida Orolbo‘yida daraxtzorlarni tashkil etish, sho‘rlanishni kamaytirish, cho‘llanishning oldini olish, Orolbo‘yi hududlarida istiqomat qiluvchi aholining turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan loyihalar ilgari suriladi. “Daraxt ekish” aksiyasida esa “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida birgalikda daraxt va ko‘chatlar ekiladi.
Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda sport bilan shug‘ullanish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan “10 ming qadam” jamoatchilik loyihasi doirasida piyoda yurish marafoni, badminton sport musobaqasi, open-air konsert dasturi bo‘lib o‘tadi.
Qolaversa, haftalik doirasida tarixiy obidalar, jumladan, Xo‘jayli tumanida joylashgan antik davrga oid Mizdaxxon kompleksi, I. Saviskiy nomidagi davlat san’at muzeyi hamda Orolbo‘yi hududlariga sayohatlar tashkil etiladi.