O‘zbekistondagi Raw Materials Cellulose kompaniyasi va Farg‘ona kimyo zavodiga nisbatan sanksiyalar Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketi doirasida kiritildi.
Raw Materials Cellulose va Farg‘ona kimyo zavodi paxta sellyulozasi ishlab chiqaradi. Ular Rossiyaning “Perm porox” zavodi va “Qozon porox” zavodiga mahsulotlar yetkazib beradi. Bu zavodlar esa paxta sellyulozasidan Rossiya Qurolli kuchlari uchun qurol ishlab chiqarishda foydalanadi.
"Ushbu korxonalar harbiy texnologiyalar va uskunalar yetkazib berish zanjirida ishtirok etish orqali Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlamoqda", deyiladi Yevropa Ittifoqi bayonotida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona kimyo zavodi Rustam Mo‘minov tomonidan nazorat qilinadi. Tadbirkorning o‘zi 2025 yil oktyabr oyi oxirida Yevropa Ittifoqining sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgandi.
Rustam Mo‘minov, Raw Materials Cellulose va Farg‘ona kimyo zavodiga qarshi Ukraina va Buyuk Britaniya tomonidan ham sanksiyalar joriy etilgan.