Yaqin Sharqdagi vaziyat sababli Buyuk Britaniyada yonilg‘i sotilishi cheklanishi mumkin. Bu haqda The Times gazetasi yozmoqda.
«Yaqin ikki oy ichida Buyuk Britaniya neft va gaz yetkazib berishda «sezilarli taqchillik»ka duch keladi. Bu esa Yaqin Sharqdagi urush davom etar ekan, vazirlarni yetkazib berishni «normalashtirish» (norma asosida taqsimlash) choralarini ko‘rishga majbur qiladi», — deyiladi maqolada.
Ekspertlardan biri Nik Batlerning so‘zlariga ko‘ra, agar Ormuz bo‘g‘ozi orqali neft va gaz yetkazib berish ikki-uch hafta ichida tiklanmasa, vaziyat «jiddiy» tus ola boshlaydi.
«Hukumat oziq-ovqat ta’minoti, shifoxonalar, maktablar va transport tizimlarini himoya qilishiga to‘g‘ri keladi, bu esa o‘z-o‘zidan yonilg‘ini me’yor bilan berishni anglatadi», — deb qayd etadi nashr.