AQSh ma’muriyati internet va ommaviy axborot vositalarida tarqalgan olimlarning sirli o‘limi yoki bedarak yo‘qolishi haqidagi da’volarni o‘rganishini ma’lum qildi.
Bu haqda The Times Kerolayn Levittga tayanib xabar berdi.
Levittning aytishicha, agar tegishli idoralar zarur deb topsa, Donald Tramp ma’muriyati mazkur holatlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazadi va jamoatchilikka hisobot taqdim etadi.
Xabarda aytilishicha, 2024 yildan beri AQShda kamida o‘n nafar olim bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan. Shu bois bu voqealar o‘zaro bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqida turli taxminlar tarqalmoqda.
Tilga olinganlar orasida mudofaa sohasi mutaxassislari, NASA tadqiqotchilari, Massachusetts Institute of Technology professori va boshqa ilmiy xodimlar bor.