Bugun 8 aprel, 2025 yil, seshanba

КИР

Ombudsman anonim so‘rov o‘tkazdi: Nega probasiya nazoratidagi shaxslar tanlandi?

Ombudsman anonim so‘rov o‘tkazdi: Nega probasiya nazoratidagi shaxslar tanlandi?

Mahkum va mahbuslarning murojaat qilish huquqini ta’minlash masalasi Ombudsman nazoratidagi dolzarb yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. 2023 yilda Ombudsman nomiga mahkum va mahbuslar hamda ularning yaqinlaridan jami 2662 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 984 tasi bevosita mahkumlar tomonidan yuborilgan bo‘lib, bu 2022 yilga nisbatan 18,5 foizga kamaygan.

Shu sababli, 2024 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan murojaat etish huquqining amalda qanday ta’minlanayotganini o‘rganish maqsadida probasiya nazoratidagi shaxslar o‘rtasida anonim so‘rovlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Nega aynan probasiya nazoratidagi shaxslar?

Anonim so‘rovlar jazo muddatini o‘tab, jamiyatga qaytgan, hozirda probasiya xizmati nazoratida turgan fuqarolar o‘rtasida o‘tkazildi. Bu holat so‘rov natijalarini xolis baholash imkonini yaratadi. Ozodlikka chiqqan shaxslar shaxsiy tajribasiga tayanib, o‘z ko‘rgan-kechirganlarini erkin ifoda qiladi.

2024 yilda Ombudsmanning mintaqaviy vakillari hamda Ichki ishlar organlari Probasiya xizmati hamkorligida barcha hududlardagi 2213 nafar fuqaro ishtirokida so‘rovlar o‘tkazildi. 29 holatda mahkumlar murojaatlarni yuborishda noqulayliklar mavjudligini bildirgan. 30 holatda “Ombudsman qutisi” qulay joyda emasligi yoki videokuzatuv ostida ekani aytib o‘tilgan. Qolgan anonim so‘rov ishtirokchilari esa murojaat etish huquqidan foydalanishda hech qanday to‘siqlar mavjud emasligini ma’lum qilishgan.

Ushbu so‘rov natijalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziriga Ombudsman xulosasi kiritilgan. Unga muvofiq, “Ombudsman quti”lari joylashgan joylar videokuzatuv kameralaridan xoli hududga ko‘chirib chiqilgani tekshirilgan. Tegishli muassasalarda tushuntirish ishlari olib borilgan hamda 41 ta jazoni ijro etish muassasasida 18 mingdan ortiq mahkum ishtirokida anonim so‘rovlar o‘tkazilgan.

Probasiya nazoratida turgan fuqarolar o‘rtasida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalardagi sharoitlar bo‘yicha anonim so‘rovlar 2025 yilda ham o‘tkazilishi ma’lum qilinadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Kiritildi: 18:22 03.04.2025. O'qildi: 555 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!