France24 telekanali 4 aprelda Rossiya raketa zarbasi yo‘llagan Krivoy Rogdagi restoranda o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi tasvirlarini e’lon qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi raketa zarbasi restoranda “harbiy qo‘mondonlar va G‘arb instruktorlari” yig‘ilishi o‘tkazilayotgan paytda berilganini ma’lum qilgan edi. Biroq “Sistema” nashrining aniqlashicha, o‘sha kuni restoranda “go‘zallik industriyasi” xodimlari ishtirokida forum o‘tkazilayotgan bo‘lgan.
France24 ko‘rsatgan kadrlarda harbiylar ko‘rinmaydi. Telekanal muxbiri zarba vaqtida restoranda bo‘lgan va jarohat olib shifoxonaga yotqizilgan ikki ayol bilan suhbatlashdi. Ular “go‘zallik forumi”da qatnashganini tasdiqladi.
4 aprel kuni Krivoy Rogga uyushtirilgan hujum oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi, ularning deyarli yarmi bolalar edi. Bundan tashqari bir necha o‘nlab odamlar jarohatlandi.