Oltin narxi yangi tarixiy rekord o‘rnatib, ilk bor unsiyasi uchun 3200 dollardan oshdi.
Chikago tovar birjasida (CME) fyucherslar narxi 1,77 foizga oshib, 3201,6 dollarga yetdi.
Oltin bozorida keskin o‘sish AQSh prezidenti Donald Tramp yangi import bojlarini e’lon qilganidan keyin yuz berdi. Tramp joriy qilgan bojlarda minimal tarif 10 foizni tashkil etdi, ayrim davlatlarga nisbatan boj miqdori 50 foizgacha yetishi belgilangan.
Bloomberg nashrining yozishicha, AQSh ma’muriyatining harakatlari jahon iqtisodiyotining sekinlashishiga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirgan. Oqibatda investorlar xavfsiz aktivlar qatoriga kiruvchi oltinga yuzlanmoqda. Bu esa qimmatbaho metall narxining oshishiga turtki berdi.