Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 2 nafar profilaktika inspektori vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hodisa 6 aprel kuni sodir bo‘lgan. Haydovchisi uxlab qolgan Nexia mashinasi qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan mashina bilan to‘qnashgan.
Oqibatda o‘z yo‘nalishida kelayotgan mashinada bo‘lgan IIB profilaktika inspektorlarining biri voqea joyida, biri esa shifoxonada vafot etgan. Yana bir nafar xodim esa tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan Muborak tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida sudning 7 apreldagi ajrimiga ko‘ra, 1 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.