Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilish uchun kelasi hafta Eronda olti davlat, jumladan Pokiston, Xitoy va Rossiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Bu haqda Eron TIV matbuot kotibi Esmoil Bag‘iy vazirlikning Telegram-kanalida ma’lum qildi.
"Eron Islom Respublikasi qo‘shni mamlakatlarda xavfsizlik va barqarorlikka katta ahamiyat beradi va shu munosabat bilan mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ziddiyatlarni kamaytirish va ular o‘rtasida o‘zaro tushunishni mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi", — dedi u.
Bag‘iyning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv kelasi hafta Pokiston, Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Xitoy va Rossiyaning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari ishtirokida Tehronda bo‘lib o‘tadi.