Bu yilning o‘zida ishga tushadigan loyihalar hisobga olinsa, misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetadi. Yaqin ikki-uch yildagi yangi loyihalar hisobiga quvvatlar bundan ham oshadi.
Dunyoda ham mazkur xomashyoga bo‘lgan talab kundan kunga ortib borayotgani ta’kidlandi. Chunki mis bugungi kunda sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, “yashil” taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylanib bo‘ldi.
“Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi.
Shu bois, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida e’tibor qaratrib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish bo‘yicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik”, – dedi Prezidentimiz.
Misol uchun, “Yoshlik-1” qoni. Yaqin-yaqingacha ko‘pchilik “Bu konni o‘zlashtirish qiyin, imkoniyatimiz yetmaydi, yeplay olmaymiz” deb o‘ylardi. Vaholanki, joriy yilning o‘zida ushbu kondan 20 million tonna ruda qazib olinadi. Bu raqam kelgusi ikki yilda 60 million tonnaga yetadi.
Umuman, “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlarida 45 million tonna mis, 5 ming tonnaddan ziyoda oltin zaxirasi borligi ta’kidlandi. Ushbu zaxira sanoatga kamida 100 yilga yetadigan kafolatli xomashyo bazasi bo‘ladi.
Konlardagi molibden, selen, tellur, reniy kabi nodir metallar yangi innovasion yo‘nalishlardagi loyihalar uchun mustahkam zamin yaratadi.
3-mis boyitish fabrikasi to‘liq ishga tushgandan keyin Olmaliq kombinatida mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2 ming 400 tonnaddan 5 ming tonnaga oshadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida 6 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ish joyiga ega bo‘ladi.
Fabrikada AQSH, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlyandiyaning tog‘-kon sanoatidagi eng ilg‘or texnologiyalari joriy qilinmoqda.
Barcha texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, sun’iy intellekt asosida yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Bularning hisobiga energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga kamayadi, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshadi.
Bundan tashqari, qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodini barpo etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani e’lon qilindi. Mazkur korxonada ham mingdan ziyod ish o‘rinlari bo‘ladi.
Umuman, ushbu ikkita yirik quvvatlar hisobiga mis katodi ishlab chiqarishning yillik hajmi 300 ming tonnaga, oltin 33 tonnaga, kumush 203 tonnaga, molibden 1,7 ming tonnaga yetadi.
Shu bilan birga, uran qazib olish va kimyo sanoati uchun zarur xomashyo bo‘lgan sulfat kislotasi ishlab chiqarish 3 karra oshadi.
Bu yiliga kombinatga qo‘shimcha 5 milliard dollar tushum degani.
Prezidentimiz kombinat bo‘yicha hali rejalar katta ekanini ta’kidladi. Yuqorida aytilgan ko‘rsatkichlarni yana 1,5 karra oshirishga xizmat qiladigan 4-mis boyitish fabrikasi bo‘yicha loyihaoldi ishlar jadal ketayapti, deb qayd etildi.
Ushbu yangi loyihalar ishga tushganida Olmaliq kombinati mis ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi uchta eng yirik kompleksdan biriga aylanadi.