Bugun 4 oktyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Oliy ta’limda dual ta’lim: talabalarga ish haqi to‘lanadi va o‘qishdan keyin ishlash majburiyati yuklanadi

Oliy ta’limda dual ta’lim: talabalarga ish haqi to‘lanadi va o‘qishdan keyin ishlash majburiyati yuklanadi

O‘zbekistonda 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’limda ish beruvchilar buyurtmasi asosida dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Yangi tartibga ko‘ra, talabalar o‘qish davomida korxonalarda amaliy tajriba orttirish bilan birga oylik ish haqi ham oladi.

Bu Prezidentning 2026 yil 29 sentyabrdagi «Oliy ta’limda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–209-son farmonida belgilangan.

Yangi tizim «korxona — oliygoh — maqsadli kadr» tamoyili asosida tashkil etiladi. Bunda korxonalar o‘zlariga zarur mutaxassislarga buyurtma beradi va kelajakda ishga qabul qilish sharti bilan talabalarni tayyorlashda ishtirok etadi.

Talabalar qanday qabul qilinadi?

Dual ta’lim yo‘nalishlari va qabul kvotalari oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan har yili 1 sentyabrga qadar belgilanadi. Nomzodlar esa ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan tanlov asosida saralab olinadi.

Korxona yo‘llanmasi bilan ayrim nomzodlar to‘g‘ridan to‘g‘ri imtihonsiz o‘qishga qabul qilinishi mumkin. Shuningdek, ish beruvchi buyurtmasi asosida tashkil etilgan saralash imtihonlari natijalariga ko‘ra ham qabul amalga oshiriladi.

Texnikumlarda oliy ta’lim bilan integrasiyalashgan o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlarini tamomlagan bitiruvchilarga mos bakalavriat yo‘nalishlarining 2 yoki 3-kursidan o‘qishni davom ettirish imkoniyati beriladi.

Talabalarga oylik maosh to‘lanadi

Dual ta’lim oliygoh, ish beruvchi va talaba o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, korxona talabaga o‘qish davrida o‘zining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik ish haqi to‘laydi.

Biroq buning evaziga bitiruvchi o‘qishni tugatganidan keyin kamida ikki yil davomida shartnoma tuzgan korxona yoki uning tizimidagi tashkilotda ishlab berishi shart bo‘ladi.

O‘qishning katta qismi amaliyotga ajratiladi

Yangi tartibda nazariy va amaliy ta’lim nisbati ham belgilangan. O‘quv jarayonining kamida 30 foizi nazariy ta’limga ajratiladi, qolgan qismi esa amaliy tayyorgarlik asosida tashkil etiladi.

Talabalarning korxonalardagi amaliy mashg‘ulotlari va ishtiroki CareerEdu platformasi orqali monitoring qilib boriladi.

Davlat va davlat ulushi mavjud korxonalarga ham oliy ta’lim tashkilotlariga dual ta’lim asosida mutaxassis tayyorlash bo‘yicha buyurtma berish va xarajatlarni byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplash huquqi beriladi.

Yana bir muhim jihat: dual ta’limda tahsil olayotgan talabalarni ta’limning boshqa shakllariga o‘tkazishga ruxsat berilmaydi. Bunga faqat korxona bilan tuzilgan shartnomada tegishli o‘zgartirish nazarda tutilgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.

Kiritildi: 17:42 02.10.2026. O'qildi: 531 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!